Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Anons. Ispaniyada Madrid derbisi, «Liverpul» qarshisida yana «Chelsi»
Bu shanba o‘zgacha bo‘ladi. Rim va Madrid derbilaridan tortib, Angliyada va Italiyada chempionlik poygasiga katta ta'sir ko‘rsatadigan o‘yinlarning hammasi mana shu bir kunda bo‘lib o‘tishi oqshomimizni haqiqiy futbol bayramiga aylantirib yuborsa kerak. Kelasi hafta YeChL o‘yinlarining borligi bunga sabablardan biridir, zero shu ushbu musobaqada qatnashuvchi top klublarning o‘yinlari shanbaga belgilangan. Quyida bizni kutib turgan futbol shanbasi haqida batafsil ma'lumot beramiz.
ROMA – LATsIO (29 sentabr, 18:00)
Bu raqiblar, bu o‘yin haqida anons berayotganda jamoalarning imkoniyati, turnir jadvalidagi holati haqida ortiqcha gaplarning hojati yo‘q. Rimning ikki klubi bir paytda yuqori o‘rinlar uchun da'vogarlik qilishlari kamdan kam kuzatiladi – goh «Roma», goh «Latsio» barqarorlikni namoyish etadi va o‘sha paytda qo‘shni jamoa qandaydir muammolar girdobida qolgan bo‘ladi. Ammo har mavsum, kim qayerda ekanidan qat'i nazar Rim derbisi o‘ta qizg‘in, keskin, murosasiz va esda qolarli o‘tishini ta'kidlash kerak. Oxirgi 18 derbining 7tasida «Roma», 6tasida «Latsio» g‘alaba qozongani yuqoridagi fikrlarni isbotlab turibdi. Zero so‘nggi yillarda «Roma» «Latsio»dan ko‘ra ancha ishonchli va kuchli ko‘rinmoqda, lekin shu ham derbidagi muvozanatga ta'sir qila olmagan.
«Roma» kuni kecha nihoyat autsayder «Frozinone» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Ungacha qatorasiga 6 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmay kelgan jamoa uchun derbi oldidan juda foydali g‘alaba bo‘ldi deb aytish mumkin. «Latsio»da esa, ishonch borasida hammasi joyida – Indzagi shogirdlari oxirgi besh o‘yinda (bir o‘yin Yevropa Ligasida) faqat g‘alaba qozonib kelmoqda. Mavsum boshida «Yuventus» va «Napoli»dan mag‘lubiyatga uchragan «Latsio» sentabrni mana shunday ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi.
BARSeLONA – ATLeTIK (29 sentabr, 19:15)
Ispaniyada nafaqat «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi o‘yinlar, balki bu grandlarning «Atletik»ka qarshi o‘yinlari ham «Klassiko» nomini olgan. Chunki aynan shu uch jamoa Ispaniya chempionatining eng boshidan buyon uzluksiz ravishda yuqori divizionda o‘ynab kelishmoqda.
Avvalgi Klassikoda «Atletik» «Real»ni qabul qildi va shu o‘yinda madridliklar ilk bor ochko yo‘qotishdi. Endi esa, imtihon navbati «Barselona»da. Valverde uchinchi bor «Barselona»ni sobiq jamoasiga qarshi maydonga boshlab tushadi. O‘tgan ikki o‘yinda ham kataloniyaliklar 2:0 hisoblarida ustun kelishgan.
Umuman olganda, «Atletik» «Barselona» uchun qulay raqib, so‘nggi o‘n yilda bilbaoliklar jamoasi atigi 3 marta «Barselona»ni mag‘lubiyatga uchratishgan bo‘lishsa, bularning ikkitasi superkubok va kubok o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. Lekin aynan o‘sha superkubok o‘yini, esingizda bo‘lsa, «Atletik»ning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuv barchaning yodida qolgan bo‘lishi tabiiy.
Bir qaraganda odatiy, dahshatli «Kamp Nou»... Ammo bu o‘yin oldidan «Barselona» kichik muammolarga uchrab qolgani o‘yinga qiziqishni oshiradi. O‘yin borasida hammasi joyida, lekin so‘nggi ikki turda «Barselona» autsayder klublar bilan o‘yinlarda 5 ochko yo‘qotdi. Valverdening mana shu tig‘iz haftalarda rotatsiyaga qo‘l urgani jamoaga qimmatga tushdi. Mana shu o‘tgan o‘yinlar shunchaki, kutilmaganda yo‘ldan chiqib qolgan «toshlar» edimi yoki «Barselona»da haqiqatan ham muammolar boshlanish arafasidami, bu savolga ham javob topiladi.
Buning ustiga, kelasi haftada kataloniyaliklarni yevrokuboklarda «Tottenhem» kutib turganini ham unutmaslik kerak. Valverde o‘sha o‘yin ta'sirida yana tarkibda bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urishi bu safar tabiiy holdek qabul qilinmasa kerak. Qatorasiga uch o‘yinda ochko yo‘qotish «Barselona» uchun yarashmaydi axir.
Tarkiblar borasida mezbonlarda muammo yo‘q. «Atletik» safida esa, grandlar bilan o‘yinda o‘zini ko‘rsatishga usta bo‘lgan tajribali Arits Aduris mashg‘ulotlarga qaytdi va bu o‘yinda maydonga tushish ehtimoli bor. O‘z vaqtida, yuqorida ham eslab o‘tilgan superkubok bahsida Aduris het-trik qayd etgandi.
YuVeNTUS – NAPOLI (29 sentabr, 21:00)
A Seriya klublarining yozgi transferlaridan kelib chiqib, bu mavsumda «Yuventus»ga bir emas, bir nechta jamoalar qarshilik qilishi mumkinligi taxmin qilingandi. Ammo atigi 6 tur o‘tishi bilan boshqa manzaraga guvohi bo‘lmoqdamiz – «Inter» 8, «Roma» 10, «Milan» esa 12 ochkoga «Yuventus»dan ortda qolib ketib bo‘ldi. Xuddi o‘tgan yilgidek, bu safar ham faqat «Napoli» turinliklar jamoasiga tashvish tug‘dirishi mumkin.
O‘tgan yili uzoq vaqt «Napoli» yakkapeshqadamlik qilgan bo‘lsa, bu safar «Yuventus» yo‘qotishlarsiz bormoqda. Bu o‘yinda ham shu an'ana davom etsa, Allegri jamoasi katta farq bilan oldinga ketib qoladi. «Yuventus»ni ta'qib qilish naqadar qiyin ekanini ortiqcha tushuntirish shart bo‘lmasa kerak.
Bundan tashqari, kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan Yevropa Chempionlar Ligasi o‘yinlari ham «Napoli»ga ko‘proq tashvish tug‘dirishi shubhasiz. Anchelotti shogirdlari kutilmaganda Belgradda ochko yo‘qotdi, endi, kurashda qolish uchun «Liverpul» qarshiligini yengish talab etiladi. «Yuventus» esa, safarda asosiy raqiblardan birini mag‘lubiyatga uchratdi. «Yang Boyz»ni Turinda qabul qilish u qadar xavfli emas, ya'ni Allegri futbolchilarning asosiy e'tiborini aynan shu o‘yinga qaratishi shubhasiz.
Mezbonlar tarkibida Duglas Kosta va Sami Xedira maydonga tusha olishmaydi. Ular katta ehtimol bilan terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin, ya'ni oktabrning o‘rtalaridan safga qaytishadi. «Napoli»da jarohatlar bilan bog‘liq muammolar yo‘q.
O‘zaro o‘yinlarda «Yuventus»ning ko‘rsatkichlari yaxshiroq, zero so‘nggi 20 o‘yinning 10tasi aynan turinliklar jamoasi g‘alabasi bilan yakunlangan. Ammo bu stadiondagi so‘nggi uchrashuv shu yilning aprelida mehmonlarning g‘alabasi bilan yakunlanganini ham unutmaslik kerak.
BAYYeR – BORUSSIYa DORTMUND (29 sentabr, 21:30)
Bundesliganing eng e'tiborli afishalaridan biri. Jamoalar turli davrlarda «Bavariya»ga muammo tug‘dira olganliklari va hatto o‘sha raqobatning mukofoti o‘laroq Yevropada ham kuchli jamoaga aylanib, YeChL finaliga chiqqani bilan o‘xshashdir. Shuningdek, bu jamoalar tarkibida doimo top-klublarning e'tiborini tortishi mumkin bo‘lgan yosh futbolchilarning mavjud bo‘lishi bilan ham e'tirofga arziydi.
Ayni paytda, albatta, «Borussiya» bir pog‘ona yuqoriroq darajada. Lekin Leverkuzenda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar doimo murosasiz bo‘lib kelgan. So‘nggi 7 o‘yinning atigi ikkitasida mehmonlar g‘alaba qozonishning uddasidan chiqishgan xolos.
Dortmundliklar jamoasi odatiy ravishda mavsumni «Bavariya»ni ta'qib etish bilan boshladi va bu holat qaysi oygacha davom etishi ham ko‘proq myunxenliklar jamoasining qanday o‘yin ko‘rsatishiga bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, Germaniyada yevrokubokda qatnashish uchun kurashuvchi jamoalar ko‘payib bormoqda, ya'ni imkon qadar birinchi o‘rin uchun kurash kerakki, oqibatda, mag‘lubiyat ham senga Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini taqdim etsin...
«Bayyer» esa, mavsumni qatorasiga 3 mag‘lubiyat bilan boshladi. Menxengladbax va Myunxendagi mag‘lubiyatlar tushunarli, lekin jamoa o‘z maydonida «Volfsburg»ga yutqazib qo‘yishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. Ammo so‘nggi turlarda liverkuzenliklar o‘zlariga kelib olishdi va Yevropa Ligasidagi g‘alaba bilan qo‘shib, qatorasiga uch o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashdi.
Bu o‘yinda nihoyat Rafael Gerreyro va Mario Gyottsening tarkibga qaytishini kutsa bo‘ladi. «Monako»ga qarshi juda muhim Yevropa Chempionlar Ligasi o‘yini oldidan tarkibda biroz o‘zgartirish kiritish va tiklanayotgan futbolchilarni maydonga tushirish uchun ayni vaqtdir balki.
CheLSI - LIVeRPUL (29 sentabr, 21:30)
«Liverpul» uch kun oldin ushbu mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi va yutishi mumkin bo‘lgan to‘rt turnirdan birini tark etdi. Buning asosiy sababchisi - «Chelsi» va aynan londonliklar bilan ikkinchi duel endi «Stemford Brij»da, endi Angliya Premer Ligasi doirasida bo‘lib o‘tadi. Sarri jamoasi «Liverpul»ning APLdagi seriyasini ham to‘xtata oladimi yoki mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazayotgan «Chelsi»ning qoqilish navbati keldimi? O‘yin juda qizg‘in o‘tishi tabiiy.
Har qancha chiroyli eshitilmasin, Angliya Liga kubogiga bo‘lgan munosabat ingliz top-klublari uchun u qadar jiddiy emas. Chorshanba kungi o‘yinda har ikki jamoa ham biroz aralash tarkibda maydonga tushdi. Klopp Aleksandr-Arnold, Gomes, Firmino va Salohni asosiy tarkibda tushirmadi, «Chelsi» safida esa, Luiz, Alonso, Kante, Jorjino va hal qiluvchi gol muallifi Azar kabi futbolchilar zaxirada qolgandi. Bu nomlarning barchasi kutilayotgan o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan joy olishi aniq.
Shuningdek, «Liverpul» tarkibida Lovrenning safga qaytgani, Fabino ham to‘liq maydonga harakat qilganini ta'kidlash kerak. Lovren – Van Deyk juftligi «Liverpul»da asosiy markaziy himoyachilar tandemi bo‘lishi taxmin qilinayotgandi, ammo dastlabki turlarda Lovren jarohat tufayli o‘ynay olmadi. Endi esa, Virjiyl van Deykning o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida turibdi. Azarga qarshi o‘yinda Matipga ishonch kamligini e'tiborga olsak, shu paytgacha birga markazda o‘ynamagan Gomes – Lovren juftligi o‘zini qanday ko‘rsatishi bu oqshomning yana bir kalit savollaridan biridir.
Ushbu o‘yin g‘olibi Premer Liganing yaqqol yetakchisiga aylanishi mumkin. Oradan uch kun o‘tib, «Napoli» maydoniga safar qiladigan, roppa-rosa bir haftadan keyin esa, «Manchester Siti»ga qarshi o‘ynashi kerak bo‘lgan Klopp jamoasi uchun imkon qadar peshqadamlikni saqlab qolish juda muhim. Yurgen Klopp bu stadionda ikki marotaba zafar quchgan – «Chelsi»ni qanday to‘xtatish masalasi u uchun bajarilmas vazifa emas.
ReAL – ATLeTIKO (29 sentabr, 23:45)
«Real» olti o‘yindan 13 ochko to‘plab ikkinchi, «Atletiko» shuncha o‘yindan keyin 11 ochko to‘plab uchinchi o‘rinda bormoqda. Madriddagina emas, turnir jadvalida ham qo‘shniga aylangan jamoalar bu yerga turlicha yo‘llarni bosib kelganliklarini ta'kidlash kerak.
«Real» mavsumni yaxshi boshladi, chiroyli g‘alabalar, Lopategining o‘ziga xos taktikalari, Beyl, Benzema, Isko misolidagi yangi yetakchilar va boshqa farqli jihatlar «Real»ning o‘yinlariga e'tiborni jalb qilayotgandi. Keyin esa, avvaliga «Atletik» bilan durang sodir bo‘ldi, «Espanol» ustidan ishonchsiz g‘alaba, ayniqsa, Sevilyadagi tarsaki juda og‘ir bo‘ldi. «Real» yana o‘zini axtarayotgan jamoaga aylanib qolgandek.
«Sevilya»dan mag‘lubiyatni izohlash mumkindek. «Pisxuan» madridliklar uchun eng noqulay stadion hisoblanadi. Qizig‘i, navbatdagi turda «Real» «Santyago Bernabeu» uchun eng noqulay raqibini aynan shu stadionda qabul qiladi. Chempionlar Ligasini yoki turli kubok musobaqalarini chetga surib tursak, «Real» La Ligada «Atletiko» ustidan 2012 yildan beri g‘alaba qozona olmayapti.
«Atletiko» esa aksincha, mavsumni yomon boshlab, so‘nggi turlarda o‘z o‘yinini topib oldi. Oxirgi ikki o‘yinda jamoa o‘z uslubida, ya'ni birorta ham gol o‘tkazib yubormay g‘alabaga erishdi. Jamoalarning so‘nggi ko‘rsatkichlaridan tashqari, tarkib bo‘yicha ham «Atletiko»ning ahvoli yaxshiroq. «Real»ga esa, ikki asosiy kuchi – qanot himoyachilari yordam bera olishmaydi. Karvaxal ham, Marselo ham jarohatda. Shuningdek, ko‘richak tufayli, bir oy jamoaga yordam bera olmaydigan Iskoning ham, ayniqsa, Lopategi sxemasida ahamiyati katta edi. Xullas Lopategi uchun haqiqiy sinov davri boshlanmoqda.
So‘nggi yillardagi o‘zaro o‘yinlarda «Real», g‘alabalar soni – 14ga 9ni tashkil qiladi. Ammo bu statistika barcha musobaqalardan olingan, agar «Real» Yevropa Chempionlar Ligasida doimiy ravishda «Atletiko»ni yutib kelganini e'tiborga olsak, La Ligada «Atletiko» ishonchliroq to‘p surganini ko‘ramiz.
BOShQA O‘YINLAR
28 sentabr. «Herta» – «BAVARIYa» (23:30)
29 sentabr. «Vest Hem» – «MANCheSTeR YuNAYTeD» (16:30), «ARSeNAL» – «Uotford» (19:00), «Haddersfild» – «TOTTeNHEM» (19:00), «MANCheSTeR SITI» – «Brayton» (19:00), «Nitstsa» – «PSJ» (20:15), «INTeR» – «Kalyari» (23:30)
30 sentabr, «Sassuolo» – «MILAN» (23:30).
Mavzuga oid
15:13 / 05.10.2024
«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
18:27 / 15.09.2023
«Bavariya» peshqadamga qarshi, Milanda derbi, «MYu» va «Real» uchun jiddiy sinov
16:28 / 01.01.2022
Londonda ustoz-shogird to‘qnashuvi, «Chelsi» - «Liverpul», «Real» va «Barsa» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi
17:15 / 06.11.2021