O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmonlari 3 mlrd dollarlik 50 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishdilar
Bugun, 28 sentabr kuni Dehlida O‘zbekiston-Hindiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi xodimlari xabar berdi.
Hindistonga O‘zbekiston delegatsiyasi vazirlik va idoralar, viloyat va shahar hokimliklari, yirik kompaniyalar rahbarlaridan iborat tarkib bilan tashrif buyurdi. Hindiston tomonidan 150 dan ortiq yirik sanoat korxonalari, kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston va Hindiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari jadal rivojlanmoqda va ayni paytda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar kengaymoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Hindiston sarmoyasi ishtirokida 145 korxona faoliyat yuritmoqda.
2017 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 320 million dollardan oshdi. O‘zbekiston Hindistonga metall, mineral o‘g‘itlar, balzam, ipak, loviya va boshqa mahsulotlarni eksport qiladi. Hindistondan asosan farmatsevtika va tibbiy mahsulotlar, qora metall, texnologik uskunalar, avtoulovlar uchun ehtiyot qismlar keltiriladi.
Farmatsevtika sanoati va sog‘liqni saqlash, turizm, jumladan, tibbiy turizm, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, mineral resurslar qazib olish kabi sohalar O‘zbekiston va Hindiston hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasining Toshkent-Dehli-Amritsar yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari ikki mamlakat fuqarolari uchun ham ommabop bo‘ldi. 2017 yilda Hindistondan O‘zbekistonga 10 mingdan ziyod sayyoh uchib ketdi. Turizm sohasidagi faoliyatni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkentdan Mumbay va Chennayga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekiston prezidentining bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etilgan tadbirlar yakunlariga ko‘ra, umumiy qiymati 95 million dollarlikdan ortiq 30ta eksport shartnomasi hamda 3 milliard dollarlik 50 dan ortiq investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.
Biznes-forumda O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmonlari kengashini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi.
Dehli shaxrida shuningdek O‘zbekiston milliy ko‘rgazmasi ochildi. Unda mamlakatimiz mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, qandolat, oziq-ovqat va boshqa yetakchi tarmoqlar mahsulotlari namoyish etildi.
Biznes-forum joriy yilning avgust oyida Toshkent va Dehlida bo‘lib o‘tgan tadbirlarning davomi bo‘ldi.
Mavzuga oid
20:33 / 07.11.2024
Hindistonda uch kun ichida 10 ta fil nobud bo‘ldi
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
01:52 / 07.11.2024
Kashmir Hindistonni maxsus avtonomiya maqomini tiklashga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
17:48 / 06.11.2024