Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga yangi vakolatlar berilishi mumkin
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Rivojlanish jamg‘armasi va ushbu sohadagi xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha Milliy markazni tashkil etish taklif qilinmoqda.
QHTBT portalida muhokama qilinayotgan Prezidentning «Ta'lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasida shu nazarda tutilgan, deb yozadi Norma.
Yangi vakolatlar va markaz
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini ta'lim sifatini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi yagona organga aylantirish taklif etilmoqda.
Shu munosabat bilan inspeksiyaga yangi vakolatlar berish taklif etilmoqda. U reyting agentliklari bilan hamkorlik uchun mas'ul bo‘ladi va milliy oliy ta'lim muassasalari dunyoning yetakchi reytinglariga kirishi yuzasidan uslubiy rahbarlik qiladi. Idora ta'lim muassasalari reytingini rasman e'lon qiladi va xorijiy tajribani o‘rganishda ishtirok etadi. Uning huzurida Ta'lim sifatini baholash xalqaro tadqiqotlari bo‘yicha milliy markazni ham tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, inspeksiyaga nodavlat ta'lim muassasalari faoliyati uchun litsenziyalarni berish, to‘xtatib turish va ulardan mahrum qilish vakolatlari beriladi. Hozir inspeksiya Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi vazifalarini bajaradi.
Rivojlanish jamg‘armasi
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Rivojlanish jamg‘armasini yuridik shaxs maqomisiz tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.
Mavzuga oid
12:17 / 17.07.2024
Qurilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkaziladi
10:43 / 18.12.2023
Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasining vakolatlariga o‘zgartirishlar kiritildi
09:55 / 27.11.2023
Toshkent va Surxondaryodagi 6 ta soliq inspeksiyasiga yangi boshliqlar tayinlandi
09:01 / 17.11.2023