Jahon | 10:30 / 14.10.2018
15641
4 daqiqa o‘qiladi

Aleksey Navalniy 50 kunlik hibsdan keyin ozodlikka chiqdi. U endi Zolotovga javob qaytarishi mumkin

Foto: Twitter / @navalny

Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy 14 oktabr tongida maxsus saqlash joyidan ozodlikka chiqdi. U ikkita ish bo‘yicha jami 50 kun ma'muriy qamoq jazosini o‘tadi.

«50 kun davomida men shu yerda o‘tirdim, biz shunga guvohmizki, bu rejim oxirigacha zavolga yuz tutgan: tashqi razvedkadan tortib, kosmik sohagacha inqiroz.

Kimki hibsga olishlar bilan bizni qo‘rqitish yoki to‘xtatish mumkin deb hisoblasa adashadi», degan Navalniy tarafdorlari va jurnalistlarga qarata.

Navalniy avgust oyi oxirida Moskvaning Tver tuman sudi tomonidan ma'muriy qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning «Ommaviy tadbirni tashkillashtirish va o‘tkazish qoidalarini takroran buzish» moddasiga ko‘ra 30 sutkaga hibsga olingandi. U 2018 yil 28 yanvarda o‘tgan «Saylovchilar zabastovkasi» aksiyasi uchun qamoqqa tashlandi.

9 sentabr kuni, Rossiyada saylovlar kunida mamlakat bo‘ylab pensiya islohotiga qarshi yirik namoyishlar to‘lqini bo‘lib o‘tdi. Bu aksiyalar Navalniyning ishtirokisiz kechdi, u 24 sentabrgacha qamoqda edi. U muddatni o‘tab, ozodlikka chiqishi bilanoq yana qamoqqa qaytarildi. Unga miting o‘tkazishdagi qoidabuzarlik bo‘yicha yangi ma'muriy ish ochilib, yana 20 kunlik muddat berildi.

42 yoshli siyosatchi may oyida ham Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi umummilliy namoyishni tashkillashtirgani uchun 30 kunlik qamoq jazosiga mahkum etilgandi. U 90dan ortiq shaharda «Putin bizning podshoh emas» shiori ostida namoyishlar uyushtirgan.

Navalniy 2016 yil dekabrida boshlagan prezidentlik kampaniyasidan buyon jami 5 marta qo‘lga olingan va jami 120 kunni qamoqda o‘tkazgan.

Zolotov Navalniyga qarshi


Navalniy yanvardagi aksiya uchun muddatni o‘tayotganda Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov muxolifatchiga qaratilgan videomurojaatini e'lon qilgandi va uni duelga chorlagandi.

Shu tariqa, Zolotov Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi tomonidan Rosgvardiyadagi korrupsiya holati bo‘yicha materiallariga munosabat bildirgandi.

Zolotovning aytishicha, Navalniy narxlar haqida hech narsa bilmaydi va tekshiruvida haqoratlar hamda tuhmatlarga yo‘l qo‘ygan. U siyosatchi yana bir shunday ishga qo‘l ursa, uning «oyoqlarini uzib olishi» va «Rosgvardiya shaxsiy tarkibi guvohligida shou uyushtirish»ga va'da bergandi.

O‘shanda Navalniyning tarafdori Volkov Zolotovning murojaati oshkora tahdid ekaniga e'tibor qaratgandi. Kreml esa Zolotovning videomurojaatida jismoniy yo‘q qilish tahdidi mavjud emasligini ta'kidlagandi.

«Bilasizmi, ba'zan, vijdonsizlarcha tuhmatga qarshi har qanday vosita bilan kurashishga to‘g‘ri keladi. Albatta, bunday tuhmatni ildizi bilan yo‘q qilgan ma'qul», degandi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Navalniyning o‘zi pensiya islohotiga qarshi namoyishlarga chaqirig‘i uchun o‘tkazilgan sud zalida jurnalistlarga Zolotovning videomurojaatini ko‘rmagani, ammo u haqida eshitganini aytib o‘tgandi. «Men bu videoni ko‘rishni juda istayapman. Bu men istayotgan ikki ishdan biri. Yaxshilab ovqatlanib olganimdan keyin videoni ko‘rishni istayman. Lekin, muddat yana uzaydi», degandi Navalniy.

Mavzuga oid