O‘zbekiston | 15:20 / 14.10.2018
4735
3 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi Turkiya bilan urug‘chilik klasteri tuzmoqda

Joriy yilning 12 oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Turkiyaning “Agrobest” korxonasi rahbari Eroglo‘ Faruni bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Uchrashuv davomida tomonlar klasterni tuzish bo‘yicha ishlarning tez sur'atlar bilan olib borish zarurligini ta'kidlashdi. Urug‘chilik biznesining o‘ziga xos jihatlarini e'tiborga olganda bu masalada bir oylik kechikish ishning yana bir yilga ortga surilishiga sabab bo‘lishi aytildi. Janob Faruni noyabr oyining boshlaridayoq Toshkentga urug‘chilik sohasida 12 yillik tajribaga ega mutaxassis Rashid O‘tluk kelishi kerakligini aytdi. I. Abdurahmonov, o‘z navbatida, hamkorlikdagi klaster tuzish masalasida barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini, jumladan, tashkilotning huquqiy jihatdan rasmiylashtirish, yer masalasini hal qilish ishlariga o‘zi bosh-qosh bo‘lishini bildirdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Yangi tashkil etiladigan urug‘chilik klasteri nafaqat, urug‘ yetishtirish, balki ularni tashqi muhit ta'siri va zararkundalardan himoya qilish uchun dorilash, saqlash, qadoqlash ishlari bilan ham shug‘ullanadi. Eroglu Faruni, shuningdek, har bir hududga mos urug‘ navlarini yetishtirib, ularni ekish, parvarishlash,umuman agrotexnikasi bo‘yicha fermerlar bilan seminarlar ham uyushtirishni yo‘lga qo‘yish kerakligini aytdi.

Suhbatdan so‘ng I. Abdurahmonov mehmonni Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markaziga taklif qildi. Vazir markazdagi ilmiy laboratoriyalarda hujayralardan ko‘paytirilgan paxta, bug‘doy, uzum nihollarini ko‘rsatdi, gen-nokaut usuli bilan yaratilgan “Porloq” turkumidagi tezpishar, hosildor paxta navlarining xususiyatlari haqida so‘zlab berdi. Markaz qoshidagi tajriba issiqxonasi va markazning bir necha gektarli paxtazori ham mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Mavzuga oid