Jahon | 23:05 / 24.10.2018
35997
2 daqiqa o‘qiladi

Putin agar AQSh barcha kelishuvlardan voz kechadigan bo‘lsa qurollanish poygasi boshlanishini bildirdi

Foto: Mixail Mettsel / TASS

Rossiyani qurollanishni cheklash sohasidagi vaziyat, aniqrog‘i, davlatlarning bu boradagi strategik shartnomalarni rad qilishi tashvishlantirmoqda, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. U agarda AQSh bu sohadagi barcha shartnomalardan voz kechadigan bo‘lsa qurollanish poygasi boshlanishini aytdi.

«AQSh prezidenti bu haqda ma'lum qilganida (O‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqish) muammo kecha yoki uch kun oldin paydo bo‘lgani yo‘q. Agar e'tibor bergan bo‘lsangiz, biz esa e'tibor berdik: AQSh kongressi o‘rta va kichik masofaga mo‘ljallangan raketalar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga bo‘ladigan xarajatlarni byudjyetga kiritdi», — dedi Putin Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte bilan muzokaralar yakuni bo‘yicha matbuot anjumanida.

«Endi esa shartnoma haqida gap boryapti, hujumkor qurollarni qisqartirish haqidagi shartnoma taqdiri tushunarsiz, agar bularning barchasi bekor qilinadigan bo‘lsa, qurollanishni nazorat qilish sohasida hech narsa qolmaydi. Qurollanish poygasidan boshqa hech narsa qolmaydi», — ta'kidladi Putin.

«Agarda Yevropaga raketalar keltiriladigan bo‘lsa, biz shunga mos tarzda javob qaytaramiz», — deb ta'kidladi u va Yevropa davlatlari bu bilan «o‘z hududlarini javob zarbasi xavfi ostiga qo‘yayotganligini tushunishlari lozimligini» qo‘shimcha qildi.

«Biz javob qaytara olamiz, bu juda tez va samarali bo‘ladi», — dedi Putin hamda «Yevropani bunday yuqori darajadagi xavf ostiga qo‘yish nega kerakligini» tushunmayotganini aytdi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid