Ayozli kunlar boshlanishi bilan isitish muammosi bosh ko‘taradi. Ming afsuski, yigirma birinchi asrga kelib ham ko‘plab hududlarda asosiy isitish vositasi o‘tin-u ko‘mirlar va hatto tappi bo‘lib qolmoqda. O‘tin va tappini aholining o‘zi tayyorlaydi. Ko‘mir esa butunlay boshqa masala.
Xo‘sh, sovuq kunlarda ko‘pchilikning joniga oro kiradigan bu yoqilg‘ining bahosi joriy yilda qanday bo‘ladi?
Qish muammolarini yaxshi bilganlar yozdanoq sovuq kunlar g‘amini yeb, zaxira to‘plab qo‘yishadi. Lekin hammaning ham bunga imkoniyati yetmaydi va qishni tavakkal qilib boshlashadi. Sovuq tushishi bilan pechkalar quriladi va ko‘mir izlab yo‘lga tushiladi. Bu paytda ko‘mirning tijoriy bahosi ko‘kka sapchiydi, tabiiyki ko‘pchilikka bu qimmatlik qiladi, noroziliklar ko‘payadi...
Umumiy ishlab chiqarish qancha va uning necha foizi aholi ehtiyojlari uchun?
«O‘zbekko‘mir» AJdan bizga ma'lum qilishlaricha, 2018 yilda 4,4 mln. tonnadan ortiq ko‘mir qazib olinadi. Qizig‘i, «O‘zbekko‘mir» AJning rasmiy saytida yillik ko‘rsatkich 3 mln tonnadan ortiq, deb e'lon qilingan. Elektr-energetika sektori ko‘mir yoqilg‘isining asosiy iste'molchisi bo‘lib, umumiy ko‘mir iste'molining 85 foizidan ortig‘i ushbu tarmoq hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 15 foiz sanoat korxonalari, ijtimoiy va kommunal xo‘jalik sohasi hamda aholi o‘rtasida taqsimlanadi.
Demak, oddiy hisob-kitoblarga ko‘ra aholi ehtiyoji uchun nari borsa 300-400 ming tonna atrofida ko‘mir ajratiladi va bu nihoyatda kamligi aniq. Shu bois, O‘zbekistonga bu mahsulot Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston kabi davlatlardan katta hajmda import qilinadi.
Ma'lumot uchun: Hozirda mamlakatimizda aniqlangan ko‘mir zaxiralari 1,9 milliard tonna, shu jumladan, qo‘ng‘irrang ko‘mir zaxirasi 1,8 milliard tonna, toshko‘mir 47 million tonnadir. Qolaversa, ko‘mirning oldindan aniqlangan zaxirasi 5,7 milliard tonnani tashkil etadi.
Ko‘mir mahsulotini xarid qilish shartlari va tartibi aniq belgilab qo‘yilgan












