Eskirib yonayotgan avtobuslar konditsionerligiga almashtirilmoqda: “Toshshahartransxizmat” kelgusi rejalari qanday?
“Toshshahartransxizmat” AJ Toshkentga 20 dona SAZ LE 60 rusumli avtobuslarni keltirdi. Poytaxt ko‘chalarida endi konditsionerli avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Respublikadagi oliy o‘quv yurtlarining deyarli yarmi, yirik korxona-tashkilotlar bosh ofisi Toshkent shahrida joylashganligining hisobiga aholining aksariyat qismi jamoat transporti xizmatidan keng foydalanadi. Bu har qanday mamlakat mega shaharlarida kuzatilganidek, kunlik qatnov uchun qulay, xavfsiz, arzon usuldir.
2017 yilda shaharda “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan katta sig‘imli 50 dona MAN rusumli, o‘rta sig‘imli 140 dona ISUZU rusumli avtobus xarid qilinib, yo‘nalishlarga chiqarildi, aholi istaklari va yo‘lovchi oqimi o‘rganilib, poytaxtda 6ta yangi avtobus yo‘nalishi ochilgandi. Ammo bu shahar bo‘ylab amalga oshiriladigan avtobus qatnovi uchun yetarli bo‘ldimi? Avtobuslarda texnik muammolar yuzaga kelishining oldini ololdimi?
Joriy yil 14 may kuni Chilonzor tumanidagi Zargarlik ko‘chasida, 10 oktabr kuni Uchtepa tumanidagi Ko‘kcha Darvoza ko‘chasida, 12 oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent va Oltintepa ko‘chalari chorrahasida yo‘lovchi avtobuslarining yonib ketishi aholi orasida jamoat transportiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otdi, hamda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Harakatdagi avtobuslarning asosiy qismi ma'nan eskirganligi, ularning o‘rtacha yoshi 9–10 yilni tashkil etayotgani ana shunday ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
Avtobuslarning yaroqlilik muddati qancha?
Avtobuslar bilan bog‘liq yong‘inlar kelib chiqishini oldini olish, bunga sabab bo‘layotgan omillarga yana bir karra aniqlik kiritish maqsadida 16 oktabr kuni jamiyat rahbariyati Germaniyaning Mercedes-Benz kompaniyasi mutaxassisini O‘zbekistonga taklif etdi. Nemis mutaxassisi Maks Kirshenxofer avtobuslarning texnik xususiyatlari haqida fikr bildirib, “yong‘in chiqayotgan avtobuslar tasarruf muddatini o‘tab bo‘lganini, boshqa davlatlar, xususan Germaniya bu kabi avtobuslardan ko‘pi bilan 8 yil foydalanilishi”ni qayd etgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, yong‘in kelib chiqayotgan 2008–2009 yillarda ishlab chiqarilgan nemis avtobuslari o‘rniga 2012–2013 yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslar bilan harakat tarkibini yangilashni vaziyatning o‘zi talab etmoqda.
Xo‘sh, “Toshshahartransxizmat” bu borada bergan va'dasining ustidan chiqdimi?
“Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, faoliyatni tubdan yaxshilash, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida jamiyat rahbariyati tomonidan maxsus chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Shunga asosan rejaga ko‘ra, joriy yil oxiriga qadar keltirilishi rejalashtirilgan 80 dona SAZ LE 60 avtobusining dastlabki 20 donasi Samarqanddan Toshkentga keltirildi. “Toshshahartransxizmat” rasmiy vakilining xabar berishicha bugun, 31 oktabr kuni ular safiga yana 10 ta avtobuslar kelib qo‘shilishi kutilmoqda. Bu jarayon muntazam davom ettirilishi, shu tariqa avtosaroylarning harakat tarkibi yangilanib borilishi ma'lum qilinmoqda.
Yangi avtobuslar qanday qulayliklarga ega?
Shu o‘rinda alohida ta'kidlash kerakki, poytaxt jamoat transporti tarixida ilk bora konditsionerli avtobuslardan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan tashqari SAZ LE 60 avtobusi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus o‘rindiq va pandus (chiqib-tushish yo‘lagi) bilan jihozlangan. Avtobusga avtomat o‘tkazgichli EURO-4 dvigateli o‘rnatilgan. Mazkur transport jami 56 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 25 ta o‘rindiqqa ega.
Hozircha yangi avtobuslar qaysi yo‘nalishlarga qo‘yilishi va qachondan boshlab aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlashi haqida aniq ma'lumot berilmadi.
“Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan barcha sa'y-harakatlar poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga zamonaviy qulayliklarni yaratish va xizmat sifatini oshirishga qaratilgan. Shunga muvofiq, Samarqanddagi har ikki avtomobil zavodi bilan tuzilgan shartnomaga asosan yil so‘ngiga qadar yana 60 dona SAZ LE hamda 40 dona MAN rusumli avtobuslar bosqichma-bosqich keltirilishi ko‘zda tutilgan. Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahridagi yo‘lovchi avtobus parkini yanada yangilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Toshkent uchun 350ta MAN avtobusiga kredit bilan buyurtma berilgan. 2017-2019 yillarda 350ta avtobusni yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi tuzildi, ulardan 110tasi 2018 yilga mo‘ljallangan.
Sabohat Uzoqova.
Mavzuga oid
17:57 / 23.12.2024
Qozog‘istonda yo‘lda buzilib qolgan avtobusdan o‘zbekistonliklar qutqarildi
08:45 / 20.12.2024
Toshkentda yana bir yo‘lovchi avtobusida yong‘in chiqdi
23:26 / 18.12.2024
Toshkentda avtobus yonib ketdi
21:02 / 26.11.2024