Jahon | 22:12 / 05.11.2018
19674
4 daqiqa o‘qiladi

Eng qimmat internet - Afrika qit'asida 

O‘tgan o‘n yil mobaynida afrikaliklar orasida smartfondan foydalanuvchilar soni ortdi, biroq ayni paytda Internet narxini pasaytirish bo‘yicha harakat samarali natija bermayapti. Mobil internet narxi bo‘yicha ikkita xalqaro va mustaqil o‘rganilgan hisobot natijalari shuni ko‘rsatadiki, “barcha uchun ochiq“ Internet ko‘plab afrikaliklar uchun haligacha erishib bo‘lmas qimmat xizmatlardan biri sifatida qolmoqda.

Affordable Internet Survey (A4AI)​ning natijalari  shuni ko‘rsatdiki, 2017 yil oxirida faqatgina 24 mamlakat BMTning keng polosali aloqa bo‘yicha komissiyasi belgilagan maqsadga erishdi - 1 GB internet uchun to‘lov o‘rtacha oylik maoshning 2 foizdan oshmasligi zarur. Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 60dan ortiq o‘rtacha va kam daromadga ega mamlakatlarda 1 GB internet uchun foydalanuvchilar, o‘rtacha hisobda, o‘rnatilgan o‘rtacha ish haqining 5,5 foizi miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. Biroq, Afrikada bu muammo jiddiy tus olgan bo‘lib, foydalanuvchilar mobil Internet uchun yuqorida ko‘rsatilgandan ham ko‘proq to‘lashga majbur.

Ecobank hisoboti  Afrika mamlakatlarida mobil Internetning yuqori narxi haqida ma'lumot beradi. Ekvatorial Gvineya, Zimbabve va Svazilendda - internetdan foydalanish eng qimmat uchta davlat - bir gigabaytlik mobil ma'lumotlardan foydalanish uchun 20 dollar to‘lanadi. Qit'a bo‘ylab o‘rtacha narx 7,04 dollar atrofida bo‘lib, ko‘pchilik mamlakatlarda bu narx BMT komissiyasi tomonidan belgilangan maqsaddan ancha yiroq.

Bundan tashqari, Ecobank hisoboti mamlakatdagi uyali aloqa operatorlari soni va mobil Internet uchun mahalliy narxlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi - raqobat kuchayishi bilan, narxlar pastlaydi. Misol uchun, faqat ikkita uyali aloqa operatori aholiga xizmat ko‘rsatuvchi sakkizta mamlakatda internet uchun o‘rtacha narx 13,03 AQSh dollarini tashkil etadi, lekin uchta uyali aloqa operatorlari bo‘lgan 13ta mamlakatda narx 9,17 dollarga tushadi. Kamida to‘rtta uyali aloqa operatori bo‘lgan o‘nta mamlakatda o‘rtacha narx $ 5,25.

Mobil Internetga bo‘lgan yuqori narxlar millionlab odamlarning Internetga kirishiga to‘sqinlik qilib, “raqamli bo‘linishlar“ni yaratadi. Oddiy foydalanuvchilardan tashqari, mobil Internetning yuqori narxi butun qit'adagi millionlab kichik biznes egalari ko‘zlagan ishlarga katta ta'sir ko‘rsatadi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Internetdan foydalanadigan kichik biznes vakillari so‘nggi paytda ikki barobar tez o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, muammoning boshqa tomoni ham mavjud: xizmatlarning yuqori narxlanishidan tashqari qit'ada Internet tarmog‘iga kirish tezligi ham past darajada ekani kuzatiladi.

Booking.com ma'lumotlari asosida "Ya Oteler" jamoasi O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar fikrlarini tahlil qilganda mehmonlar “internet” bandi bo‘yicha pastroq ball qo‘ygani aniqlangan. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida – 6.5, Samarqandda – 6.1, Buxoroda – 6.7 va Xivada 5.6 ball. 

Amerikadagi Freedom House Xalqaro huquqni muhofaza qilish nodavlat tashkiloti Freedom on the Net 2018 hisobotiga ko‘ra, tadqiqotchilar butun dunyo bo‘ylab internet erkinligi cheklanishi kuzatilganini qayd etishgan. Amalda barchasi bloklangan Xitoy 88 ball bilan reytingda oxirgi o‘rinda joylashgan. O‘zbekiston 75 ball bilan «internet erkin bo‘lmagan» mamlakatlar qatoriga kirgan. 

Mavzuga oid