Ar-Riyod neft qazib olishni kuniga 1 mln barrelga kamaytirish zarurligini bildirdi
Saudiya Arabistoni energetika vaziri Xolid al-Folih Abu-Dabida bo‘lib o‘tayotgan ADIPEC 2018 xalqaro neft ko‘rgazmasi va konferensiyasida kelasi yili kunlik neft qazib olish hajmini oktabrdagi darajadan 1 mln barrelga kamaytirish zarurligini bildirdi, deb xabar berdi Gulf Business.
Uning so‘zlariga ko‘ra, OPeK va uning ittifoqchilari bu tashabbusga rozi. Vazir talab tushib borayotganligi sababli Saudiya Arabistoni dekabrda neft qazib olishni noyabrdagi ko‘rsatkichlarga nisbatan kuniga yarim million barrelga kamaytirishni rejalashtirayotganini ta'kidladi.
Shuningdek, u 11 noyabr kuni OPeK va OPeK+ mamlakatlari energetika sohasi rahbarlari bozor muvozanatini saqlash va narxlar tushishini to‘xtatish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga kelishib olishganini bildirdi.
Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak OPeK+ qo‘mitasi yig‘ilishi oldidan agarda barcha ishtirokchilar neft qazib olishni qisqartirishga rozi bo‘lsa, Moskva bunga qarshi chiqmasligini ma'lum qildi.
Iyun oyida bo‘lib o‘tgan sammitda OPeK a'zolari va boshqa yirik neft eksportchilari neft qazib olishni kelgusi olti oy davomida kuniga 1 mln barrelga oshirish haqida qaror qabul qilishgandi. Ammo o‘tgan haftada Eron Ar-Riyod va Moskvaga neft qazib olishni kuniga 1 mln barrelga kamaytirish talabi bilan chiqdi. Eronning fikricha, qazib olish hajmi oshgani sababli uglevodorod narxi 15 dollarga tushib ketgan.
O‘tgan haftada Brent markasidagi neftning bir barreli 69,2 dollargacha tushib ketgandi. Bugun, 12 noyabr kuni esa uning narxi ko‘tarildi va 71,31 dollarni tashkil etdi.
Mavzuga oid
12:37 / 27.10.2024
Neft – dunyo qirollari uchun endi toj emasmi?
08:40 / 06.05.2024
OPeK O‘zbekistonda xususiy bog‘chalarni rivojlantirishga 20 mln dollar ajratadi
16:03 / 23.11.2023
Jahonda neft narxi 80 dollardan pastga sho‘ng‘imoqda
17:08 / 06.10.2022