Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfi fonida OPeK+ neft hajmini oshiradi
OPeK+ mamlakatlari jahon iqtisodiyoti istiqbollari barqarorligi va bozor “sog‘lom” ekani sabab aprel oyida neft qazib olish hajmini kuniga 206 ming barrelga oshirishga kelishib oldi.
Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPeK) va uning hamkorlari mart oyiga nisbatan aprel oyida neft qazib olishning maksimal ruxsat etilgan darajasini kuniga 206 ming barrelga oshirishga kelishib oldi. Bu qaror “jahon iqtisodiyoti rivojlanishining barqaror istiqbollari va hozirgi sog‘lom bozor ko‘rsatkichlari, jumladan neft zaxiralarining past darajada ekanligi bilan izohlanadi”, deya ma’lum qildi uyushma matbuot xizmati yakshanba, 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan oylik videokonferensiya yakunlari bo‘yicha.
Rossiya, Saudiya Arabistoni, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qozog‘iston, Jazoir va Ummon 2025 yil sentabr oyida kuniga 2,2 million barrel miqdoridagi qisqartirishlardan muddatidan oldin chiqishni yakunlagan, oktyabr oyida esa ishlab chiqarishga qo‘shimcha ravishda qo‘yilgan 1,65 million barrellik cheklovdan bosqichma-bosqich voz kechishni boshlagan. 2026 yil yanvar–mart oylari uchun OPeK+ davlatlari qazib olish hajmini oshirishda tanaffus qilishga qaror qilgan edi.
Matbuot reliziga ko‘ra, bozor kon’yunkturasiga qarab ixtiyoriy cheklovlar qisman yoki to‘liq tiklanishi mumkin. OPeK+ning navbatdagi uchrashuvi 5 aprel kuniga rejalashtirilgan.
Qazib olish hajmini qayta oshirish haqidagi qaror Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashayotgan bir paytda qabul qilindi: ushbu holat neft yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishiga tahdid solmoqda. 28 fevral tongida Isroil va AQSh bir necha haftalik tahdidlardan so‘ng Eronga qarshi keng ko‘lamli havo zarbalarini berdi. Javoban Eron Isroilga qarshi raketa hujumini amalga oshirdi, shuningdek Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharqdagi qator mamlakatlarda joylashgan AQSh harbiy bazalariga zarba berdi.
Eron hududiga berilgan zarbalardan keyin Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini cheklagan. Manbalarga tayanib, IIMKga yaqin Tasnim agentligi xabar qilishicha, dunyodagi eng asosiy neft “arteriyasi” orqali harakatlanuvchi kemalar o‘tish taqiqlangani haqida radioxabarlar ola boshlagan. Rasman Tehron kemalar qatnovi to‘xtatilganini e’lon qilmagan.
Mavzuga oid
12:20 / 08.07.2026
AQSh Eron bilan neft bo‘yicha kelishuvni bekor qildi
11:56 / 08.07.2026
AQSh Eronga javob zarbalari yo‘lladi va neft sotuvini yana taqiqladi
13:06 / 28.06.2026
AQSh va Eron o‘rtasida yana zarbalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi
09:18 / 27.06.2026