Men bu xatni hamma «Pelado» deb chaqiradigan bolakayga yozyapman. «Pelado» – «kal», rostdan ham bu bolakayning sochi kam edi, o‘sishi ham juda sekin kechardi.

Aytishim mumkinki, keyingi yigirma yilda futbol hayotingning ko‘p jihatlarini o‘zgartiradi. Ba'zi o‘zgarishlar ijobiy, ba'zilari salbiy. Aynan futbol tufayli sen mana shu laqabingdan ham qutulasan. Bilasanmi, Gabriyel Batistuta degan yigit bor. Sen hali uni bilmaysan, chunki televizorda faqat «Tom va Jyerri» multfilmini tomosha qilasan, xolos. Akang Nando oilangdagilar ichida birinchi bo‘lib Batistuta muxlisiga aylanadi. U sartaroshxonaga borishdan, sochini kalta qilib oldirishdan voz kechishni boshlaydi. Birmuncha vaqt o‘tib, u uzun sochlari bilan maydonda yugurganida g‘irt Batigolni eslatib yuboradi. Juda ajoyib. Nihoyat sen ham onangga qarshi chiqasan – «bo‘ldi, endi sochimni oldirmayman!»
Sen ko‘chadagi o‘z hayoting bilan yashaysan. Sen va oyoqlaring orasidagi koptok. Umuman, Lotin Amerikasidagi har bir bolakayda shu ahvol. To‘g‘ri-da, uyda nima bor? Qiziqarli hech nima. Playstation yo‘q. Katta ekranli televizor yo‘q. Hatto issiq suv ham yo‘q. Issiqlik yo‘q, ayniqsa, qish kunlari faqat to‘rt qavat adyol sizlarga pechka vazifasini o‘taydi. Issiq suv kerak bo‘lsa, ko‘zaga suv olib, kerosin yoqib ishlatiladigan pechkada isitib olish mumkin xolos. Shundayam, issiq va sovuq suvning nisbatini to‘g‘ri olishni o‘rganish kerak. Shu tariqa, ximikka aylanib ketasan, ishonaver.
Xonangga turli rasmlarni, plakatlarni yopishtira olmaysan ham. Axir har 2-3 yilda yo ijara qimmatlik qiladi, yoki otangning ish joyi o‘zgaradi, doim boshqa uyga ko‘chishga to‘g‘ri keladi-da...
Lekin yaxshi tomonini aytaymi? Qayerga ko‘chib borishlaringdan qat'i nazar, o‘sha uy oldida baribir yalanglik bo‘ladi. To‘p bo‘ladi. Hech qaysi ijaraga beruvchi buni sizdan mosuvo qila olmaydi. Yana nima kerak, to‘g‘rimi?
Eng zo‘ri, agar nomini to‘g‘ri eslayotgan bo‘lsam, The Ice Cream Goal edi. Bu juda ajoyib o‘yin, balki «PSJ»da ham uyushtirib ko‘rish kerak. Ajoyib motivatsiya! Bu Saltodagi yoshlar ligasi tashkilotchilaridan chiqqan g‘oya edi. Natija qanday ketayotganidan qat'i nazar, olti yoshli bolakaylarning o‘yinga bo‘lgan qiziqishini qanday ushlab turish mumkin? Bir qoida qo‘shiladi – o‘yinda so‘nggi golni urgan bolaga muzqaymoq sovg‘a qilib beriladi.
Hisob 8:1 bo‘lishi ham mumkin, farqi yo‘q. O‘yin oxirigacha hal qiluvchi golni urish va muzqaymoq yutib olish istagi seni boshqaradi. O‘sha kuni sen g‘olibsan, hammaning ichida qirolsan. Hamma senga havas bilan qaraydi.
















