Edinson Kavani, «Manchester Yunayted»ga erkin agent sifatida
«PSJ»ning sobiq forvardi faqat 5 oktabr kuniga kelib yangi klubini aniqlab oldi. Kavani o‘tgan mavsumda Parij klubida 22 o‘yinda 7 gol urgan va mavsum yakunida shartnomasi muddati yakunlanishi munosabati bilan erkin agentga aylangandi. Ushbu urugvaylik futbolchi yozda «Benfika», «Roma», «Yuventus» va «Atletiko» kabi klublar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ammo barcha da'vogarlar u haddan tashqari yuqori miqdorda maosh talab qilgani uchun muzokaralarni to‘xtatishdi. Oxir-oqibat eng yaxshi taklif «Manchester Yunayted» tomonidan berildi. Kavani yangi klubi bilan keyinroq yana bir mavsumga uzaytirish sharti bilan bir yillik shartnoma imzoladi. Angliyada u 10 mln yevro miqdorida yillik maosh oladi.

Aleks Telles, «Portu»dan «Manchester Yunayted»ga

«Manchester Yunayted» nihoyat chap qanot himoyasini kuchaytirdi. Dushanba kuni kechqurun mankunianliklar «Portu» himoyachisi Aleks Telles bilan to‘rt yillik shartnoma tuzdi (keyinroq yana bir mavsumga uzaytirilishi mumkin). Transfermarkt ma'lumotiga ko‘ra, transfer summasi 15 mln yevroni tashkil etgan. Braziliyalik futbolchi – hujumga faol qo‘shiluvchi futbolchi bo‘lib, u portugallar jamoasida 195 o‘yinda 26 gol urgan va 57 golli uzatmani amalga oshirgan. «Qizil iblislar» transferlarning so‘nggi kunida «Atalanta»dan 17 yoshli hujumchi Amad Traoreni 21 mln yevroga sotib oldi (keyinroq bonuslar hisobiga bu miqdor 41 mln yevroga yetishi mumkin), u hali 18 yoshga to‘lmagani uchun klubga 2021 yil yanvarida qo‘shiladi. Urugvayning «Penyarol» klubining 18 yoshli yarimhimoyachisi Fakundo Pelistri ham «Manchester Yunayted» o‘yinchisiga aylandi. Klub uni 8,5 mln evaziga transfer qilgan va 5+1 shaklida shartnoma imzolangan.

Erik Shupo-Moting, «Bavariya»ga erkin agent sifatida

«PSJ» bilan shartnomasi yakunlanib, erkin agentga aylangan kamerunlik hujumchi Erik Shupo-Moting yangi mavsumni Germaniya Bundesligasida davom ettiradi. «Bavariya» 31 yoshli hujumchi bilan bir yillik shartnoma tuzgan, tomonlar mavsum yakunida kelishuvni yana uzaytirishlari mumkin. Germaniya chempionati ushbu futbolchiga begona emas, u 2017 yildan 2017 yilda Angliyaning «Stok Siti» klubiga yo‘l olgunicha «Hamburg», «Nyurnberg», «Mayns» va «Shalke-04» kabi klublari sharafini himoya qilgan. U 2018 yildan buyon parijliklar safida to‘p surib kelayotgandi.