Edinson Kavani – «MYu»ga (erkin agent maqomida)
Urugvaylik forvard ko‘p vaqtdan buyon o‘ziga yangi jamoa izlamoqda. U «PSJ»daligidayoq «Atletiko», «Roma» va «Chelsi» kabi klublar bilan muzokaralar o‘tkazdi. 2020 yil yozida, parijliklar klubini tark etganidan keyin Kavani «Benfika»ga o‘tayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Hozirda Edinson «Manchester Yunayted»ga o‘tish arafasida. Bu ma'lumot futbolchining agenti Uolter Gulelmone tomonidan tasdiqlangan. «Bu to‘g‘ri. Biz «MYu» bilan kelishuvga erishganmiz. Transfer bugun rasman e'lon qilinishi kutilmoqda», degan u Inside Futbol agentligi muxbiriga.

Erik Shupo-Moting – «Bavariya»ga (erkin agent maqomida)
O‘tgan mavsumda Chempionlar ligasi pley-off bosqichida kutilmagan tarzda qahramonga aylangan va «PSJ»ni finalga olib chiqqan kamerunlik futbolchi endi klubdan ketmoqda. Aynan Shupo-Moting yarim final o‘yinida «Atalanta» darvozasiga hal qiluvchi golni urgandi. Umuman, mavsum davomida Erik juda kam o‘yin o‘tkazgan: parijliklarning barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarida atigi 20 marta maydonga tushgan, shundan faqat 8 marta boshlang‘ich tarkibda.

Klub Shupo-Moting bilan shartnomani uzaytirishni istamadi. Endi kamerunlik joker «Bavariya»ga yo‘l oladigan ko‘rinmoqda. Germaniya va Fransiyadagi nashrlar ma'lumotlariga ko‘ra, Erik myunxenliklar bilan ikki yillik shartnoma imzolashi kutilmoqda. Avval u Germaniyada «Nyurnberg», «Gamburg», «Mayns» va «Shalke-04» kabi klublarda to‘p surgan.

Yozning asosiy 15 transferi. «Siti» xarajat emas, daromad qilmoqda

Temue Bakayoko – «Chelsi»dan «Napoli»ga
Fransuz futbolchisi «Chelsi»da o‘ynab ketolmadi. U ikki marta ijaraga yuborildi – «Milan»ga va «Monako»ga. Bu jamoalarda Bakayoko yomon o‘ynamadi, ammo «aristokratlar» baribir unga ishonch bildirishmadi. Temue yana ijaraga berilmoqda, bu safar «Napoli»ga. Bakayokoning transferiga neapolitanliklar bosh murabbiyi Jyennaro Gattuzo shaxsan qiziqish bildirgan, ikki yil muqaddam ular «Milan»da hamkorlik qilishgandi.

Federiko Keza – «Fiorentina»dan «Yuventus»ga

«Fiorentina» hujumchisi Federiko Keza «Yuventus» futbolchisiga aylanadi. Bu haqdagi ma'lumot italiyalik taniqli insayderlar – Fabritsio Romano va Janulka Di Marsio tomonidan tasdiqlangan. Romanoning ma'lumotiga ko‘ra, Turinliklar klubi 22 yoshli futbolchini keyin sotib olish sharti bilan ikki yilga ijaraga olmoqda. Byankoneri birinchi ijara mavsumi uchun 2 mln yevro, ikkinchi mavsum uchun –  8 mln yevro to‘laydi. Ikki yildan keyin esa transfer uchun 40 mln yevro to‘lanadi, florensiyaliklar bonuslar ko‘rinishida yana 10 mln yevro olishi mumkin.