Jahon | 22:23 / 19.11.2018
29311
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Pokiston bosh vaziri tvitterda dahanaki jangga kirishdi

Foto: RIA Novosti

AQSh prezidenti Donald Tramp 19 noyabrda Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan tvitterda dahanaki jangni davom ettirdi. Tramp Pokistonni AQShga yordam bermaslikda ayblab, AQSh ham o‘z navbatida Pokistonga beg‘araz yordam ko‘rsatmasligini aytgan. 

Tramp Pokistonni “Al-Qoida”ning sobiq yetakchisi Usama bin Lodinni yashirganlikda ayblagan va AQSh ma'muriyatining Islomobodga ajratiladigan yordamning bir qismini muzlatish qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Pokiston bosh vaziri bunga javoban Pokistonning birorta fuqarosi 11 sentabrdagi teraktlarda ishtirok etmagani, Islomobod AQShga terrorchilikka qarshi kurashda yordam bergani va bunda 75 ming kishisi va 120 mlrd dollar yo‘qotganini, AQShdan esa 20 mlrd dollar pul olganini aytgan.   

“Biz Pokistonga boshqa milliard dollarlar to‘lamaymiz, chunki ular pulimizni olib, biz uchun hech narsa qilmaydilar. Bin Lodin bunga yaqqol misol. Afg‘oniston esa yana bir misol. Ular AQShdan pul olib, evaziga hech narsa bermaydigan ko‘plab davlatlardan bittasidir. Bunday holat boshqa davom etmaydi!”, deb yozgan Tramp tvitterda.

AQSh prezidentining aytishicha, bin Lodin ancha avvalroq tutilishi kerak edi. U terrorchining qayerdaligini ma'lum qilmagan Pokistonga yordam bergan AQShning avvalgi ma'muriyatlarini “ahmoqlar” deb atagan. Pokiston bosh vaziri esa buni rad etib, Islomobod bin Lodin yashiringan joydan bexabar bo‘lganini aytgan.

“Al-Qoida” yetakchisi Pokistonning Abbotobodida 2011 yil mayida AQSh harbiylari tomonidan yo‘q qilingan. Operatsiya Pokiston hukumati bilan kelishilmagan holda amalga oshirilgan.

Mavzuga oid