«Kun.uz» tahririyatiga Jizzax viloyati, Zafarobod tumanidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda tuman hokimligi tomonidan bir fermerning yeri tortib olinayotgani bayon etilgan.
2016 yildan beri «Bog‘imdagi tutlarim» fermer xo‘jaligini boshqarib kelayotgan Donoboy Ibodov avvalgi yillarda ham paxta, ham g‘alla rejalarini ortig‘i bilan bajarib kelgan.

Lekin bu yil Donoboy Ibodov uchun omadsiz keldi. Fermer bu haqda shunday deydi: «Bu yilgi paxta rejasini bajara olmadim. Bunga sabablar bor. Biroq, tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyevga rejani bajara olmaganim sabablarini, muammolarimni aytishga imkoniyat berishmadi.
Aytgandan ne foyda, baribir eshitmaydi. Bahor oyidayoq «Agrokimyohimoya»ning tuman filialiga 14 million so‘mni fermer xo‘jaligi hisob raqamidan o‘tkazib berganman. «Agrokimyohimoya» filialiga qatnayverib, bir kilogramm ham selitra ololmadim. Berishmadi. Men butun mehrimni shu yerga berganman, butun oila dalada mehnat qilamiz. Onam bizga bosh, yoshim o‘tdi, deb o‘tirmaydilar. Bab-baravar mehnat qiladi. Agar mendan yerni tortib olishsa nima qilaman?

Fermerning dalasidamiz. Dala boshida onaxon Yulduz Ibodova xavotir bilan bizni qarshiladi. Salkam yetmish yoshda bo‘lgan onaxonning dardiga quloq soldik.
«Bog‘imdagi tutlarim» fermer xo‘jaligiga asos solganimizda odam bo‘yi g‘umayzorni ko‘rib rosti qo‘rqib ketgan edim. Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir ekan, yerni obi tobiga keltirdik. Shukr, mehnatlarimiz evaziga yer hosil berdi. Farzandlarim bilan shu yerda mehnat qilamiz, shu mehnatlar evaziga o‘g‘illarimning qaddi tik, qarz emasmiz. G‘alla, pilla rejasini ortig‘i bilan bajardik. Shunga qaramay tuman hokimligi vakillari yana besh tonna qo‘shimcha g‘alla topshirasan dedi. Tumanga yordam bo‘lsin, deb buni ham topshirdik. Biroq, buning uchun bir so‘m pul olmadik. Nega bizning yerimizni tortib olishar ekan? Aybimiz nima? Biz yersiz qanday yashaymiz?


Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Zafarobod tuman hokimligiga yo‘l oldik. Tuman hokimligida mas'ul mutassadilar topilmagach, qo‘ng‘iroq orqali tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyev bilan bog‘landik.















