Jahon | 17:57 / 22.11.2018
9391
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning yana bir davlatida benzin narxi oshgani sababli tartibsizliklar boshlandi

Foto: rtbf.be

Belgiyada benzin narxi oshgani sababli yuzlab kishilar neftni qayta ishlaydigan zavod joylashgan Nivel shahrida tartibsizliklar uyushtirishdi, deb xabar berdi RTBF telekanali.

Politsiya bilan to‘qnashuvlarda 400ga yaqin kishi qatnashgan. Ular tartib posbonlariga tosh va “Molotov kokteyllari” uloqtirishgan hamda mashinalar oynalarini sindirishgan. Qayd etilishicha, tartibsizlik qatnashchilari uyushqoqlik bilan harakat qilishgan, ular politsiya vertolyotini lazer yordamida voqea joyidan uzoqlashtirishgan.

Shu bilan birga, namoyishchilar Bryusselga olib boradigan yo‘llarni to‘sib qo‘yishgan. Ye19 trassasida 250ga yaqin, N6 trassasida esa 150ta yuk mashinasi harakatdan to‘xtab qolgan.

Telekanalning xabar berishicha, voqea joyiga 120 politsiyachi kelgan va 30 kishini hibsga olishgan.

Benzin narxi oshishiga qarshi norozilik namoyishlari Belgiyadan Fransiyaga ko‘chgan. Ular namoyishlarni «sariq nimchalilar aksiyasi» deb nomlashmoqda, sababi, namoyishchilar odatda haydovchilar kiyadigan yorqin nimchalarni kiyib olishgan.

17 noyabr kuni Fransiyadagi tartibsizliklar chog‘ida bir ayol halok bo‘lgani, 500dan ortiq kishi jarohatlangani xabar qilingandi. Aktsiyada butun mamlakat bo‘ylab 283 mingga yaqin kishi ishtirok etgan.

Fransiya hukumati 2019 yilda dizel yonilg‘isi uchun soliqni 6,5 foizga, benzin solig‘ini esa 2,9 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Hukumat haydovchilarning transportning ekologik turlaridan foydalanishlarini rag‘batlantirish uchun shunday chora ko‘rmoqda.

 

Mavzuga oid