Yaqinda Scopus ilmiy-tahliliy ma'lumotlar bazasi versiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston olimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, unda yurtimizning eng yaxshi olimlari taqdirlandi. Bu O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ta'lim xabiga aylanishi sari qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston olimlari va oliy ta'lim muassasalari xalqaro reytinglarda munosib o‘ringa ega bo‘lishi hamda nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritishi uchun qaysi yo‘nalishlarda ish olib borish kerakligiga qiziqish bildirib,  Quacquarelli Symonds (QS) agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva hamda Elsevier Central Asia mintaqaviy direktori Aliya Ospanova bilan suhbatlashdi.

QS agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva uch asosiy yo‘nalishga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi.

  1. Nufuzni oshirish ustida ish olib borish. Amaliy tilga o‘giradigan bo‘lsak, bu tanilish ustida ishlashni anglatadi. Bu universitetlar nomidan boshlanadi. Ko‘p institutlar qayta nomlanish jarayonini boshdan kechiradi, ba'zilari xalq orasida - boshqacha, rasman – boshqacha nomlansa, Scopus'da esa yana boshqa bir nom bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Agar universitet ilmiy jamoasi oliygoh nomini to‘g‘ri qo‘llashda izchillikka rioya qilmasa, ovozlar yo‘qoladi. Demak, eng avvalo universitet nomlanishini to‘g‘ri yozishga e'tiborli bo‘lish kerak.
  2. Xalqaro tadbirlarda ishtirok etish. O‘zbekiston ilm-fanning turli sohalarida ajoyib yutuqlarga erishgan bo‘lishiga qaramay, bu haqida dunyo ahli yaxshi bilmaydi. O‘zbekiston olimlarining xalqaro tadbirlarda nafaqat tinglovchi, balki ishtirokchi sifatida qatnashishi –muvaffaqiyatli faoliyat uchun zarur bo‘lgan qadamlardan biri.
  3. Universitetlar bitiruvchilari bilan o‘zaro munosabatlar. Qator universitetlar, aniqrog‘i, professorlar o‘zlarining muayyan yutuqlarga erishgan bitiruvchilarini yaxshi bilishadi. Biroq qolganlar ular haqida bilmaydi. Bizning reytinglar natijalari taqdim etiluvchi topuniversities.com saytimiz bor, o‘tgan yili 56 million kishi unga kirib, ma'lumot izlagan, bu juda ajoyib trafik. U yerga ma'lumotlarni bepul joylashtiramiz. Universitetlar u yerda o‘z profilini yaratishi mumkin. Buning uchun ulardan faqat so‘rov yo‘llash talab etiladi. Biz login, parol, ko‘rsatmalar beramiz va olg‘a! Qolganini universitetlarning o‘zi bajaradi. Agar universitetda yetakchi bitiruvchilar (eng yaxshisi, xalqaro o‘quvchilar auditoriyasiga qiziq bo‘lishi uchun xorijlik bitiruvchilar) bo‘lsa, biz ular bilan intervyu o‘tkazib, deylik, koreyalik talabaning O‘zbekistonga tibbiyotni o‘rganishga kelib, ayni damda yo o‘z vatanida, yoki yana boshqa bir davlatda ishlayotgani haqidagi ma'lumotni joylashtiramiz, chunki aynan shunday hikoyalar yoshlarda ko‘proq qiziqish uyg‘otadi.