Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasteri tashkil etiladi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Agrosanoat klasterida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari, xorijiy banklarning kredit liniyalari va tijorat banklarining kreditlarini jalb etish hisobiga paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni chuqur qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarishlar, shuningdek, chorvachilik hamda baliqchilik komplekslari tashkil etiladi.
Hujjatga muvofiq, xorijiy investitsiyalar ishtirokida mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Tashkent Cotton Textile cluster" korxonasi ("TST cluster" MChj) tashkil etiladi. "TST cluster" MChJning dastlabki ustav kapitali "Paraglide limited" (Buyuk Britaniya), "Petromaruz Kapital" ("Pm kapital" - Rossiya Federatsiyasi) kompaniyalarining badallari hisobiga shakllantiriladi.
"TST cluster" MChJ tarkibiga kiradigan agrosanoat korxonalariga paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa mahsulotlarni, shuningdek, chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari yetishtirishni tashkil qilish uchun Quyi Chirchiq tumanida doimiy egalik qilish hamda foydalanish huquqi bilan Z5,4 ming gektar sug‘oriladigan yer va 3,1 ming gektar baliqchilik ko‘llari ajratiladi.
Shuningdek, keng turdagi baliq mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, eksport qilish bo‘yicha zamonaviy kompleks tashkil qilish uchun sobik "Baliqchi" AJ mulkiy kompleksi yangi ish o‘rinlari tashkil etish va 8,2 mln dollar miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan "TST cluster" MChJga "nol" qiymatida sotiladi.
Hujjatda 2018 yil 10 dekabrgacha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun Quyi Chirchiq tumanida umumiy maydoni 33,6 ming gektar bo‘lgan yer uchastkalari ajratilishi ta'minlanishi belgilandi.
Bundan tashqari, ikki oy muddatda tumandagi qolgan 4,9 ming gektar sug‘oriladigan yerlar ulardan foydalanish samaradorligini baholash yuzasidan xatlovdan o‘tkaziladi hamda nooqilona foydalanish va (yoki) istiqbolli rivojlanish rejalari mavjud bo‘lmagan holatlar aniqlanganda "TST cluster" MChJga beriladi.
Hujjatga ko‘ra, qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilmaganda, ushbu qarorga asosan berilgan yer uchastkalaridan foydalanilmagan yoki belgilangan maqsadda foydalanilmaganda, ulardan nooqilona yoxud tuproq unumdorligining pasayishiga olib keladigan, kimyoviy va radioaktiv ifloslantiradigan hamda ekologik vaziyatni yomonlashtiradigan usullarda foydalanilganda ushbu yerlarga doimiy egalik qilish va ulardan foydalanish huquqi O‘zbekiston Respublikasining yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq to‘xtatiladi.
Mavzuga oid
15:15 / 16.07.2024
Toshkent viloyatida noqonuniy chiqindixona tashkil etgan shaxs qariyb 4 yilga qamaldi
18:52 / 29.01.2024
Quyi Chirchiq tumanida onasiga aliment to‘lamagan aka-singil 15 sutkaga qamaldi
14:26 / 15.02.2023
Xotinini farzandlari ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirgan erkak 19 yilga qamaldi
17:43 / 13.10.2022