Sport | 17:30 / 17.12.2018
11739
13 daqiqa o‘qiladi

Klopp chempionlikka, Mourino iste'foga yaqinlashdi. Angliyada tur yakunlari

Foto: Clive Brunskill/Getty Images

Dam olish kunlarida Angliya Premer-ligasida 17-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Turning markaziy bahsi Liverpulda «Liverpul» va «Manchester Yunayted» jamoalari o‘rtasida kechdi.

«Liverpul» - «Manchester Yunayted» - 3:1 (1:1)
Gollar: Mane, 24 (1:0). Lingard, 33 (1:1). Shaqiri, 73 (2:1). Shaqiri, 80 (3:1).
«Liverpul»: Alisson, Klayn, van Deyk, Lovren, Robertson, Fabinyu, Vaynaldum, Keyta (Shaqiri, 70), Saloh, Roberto Firmino, Mane (Henderson, 84).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Lindelef, Yang, Bayi, Dalot (Fellaini, 46), Matich, Errera (Marsiyal, 79), Lingard (Mata, 85), Darmian, Lukaku, Reshford.
Ogohlantirishlar: Dalot, 26. Lukaku, 40.
Hakam: Atkinson (Angliya).
16 dekabr. Liverpul. «Enfild» stadioni.

Pogba yana zaxirada
Bu katta o‘yindan avval BBC saytida so‘rovnoma o‘tkazildi va ikki jamoa futbolchilaridan 11 futbolchini ajratib ko‘rsatish so‘raldi. O‘tgan mavsum birinchi davrasida, oktabr oyida bo‘lib o‘tgan o‘yindan oldin o‘tkazilgan shunday so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, muxlislar «Liverpul»dan faqat Mane va Koutinoni tanlashgandi. Bir yil o‘tib esa barchasi butunlay o‘zgardi, bu safar «Liverpul»ning 10 futbolchisi tanlandi - 10:1.

Jamoatchilik tanlagan «MYu»ning yagona futbolchisi esa Pol Pogba edi. Lekin ushbu klub tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi zaxirada qoldirildi. Bu endi sensatsiya emas, murabbiy bilan munosabatlarini yomonlashtirib olgan futbolchi joriy mavsumda kamdan-kam boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmoqda. Fransiyalik futbolchi jahon chempionatidan keyingi ta'tildan juda kech qaytgandi va murabbiy bilan nizolashib, asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi. «Liverpul»ga qarshi o‘yin oldidan yana bir marcha u shu mavsumdayoq klubni tark etib, «Yuventus»ga qaytishi haqida xabarlar tarqaldi.

Mourino «Arsenal»ga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi bir hujumchi bilan harakat qildi (faqat bu safar boshlang‘ich tarkibda Antonio Marsiyal emas, Romelu Lukaku chiqdi), yagona hujumchi ortida Lingard va Reshford harakat qildi (3-4-2-1). Bundan tashqari, himoyada Darmian harakatlandi, mashg‘ulot vaqtida jarohatlangan Smolling o‘rnini Bayi egalladi.

Matich muammosi
«Chelsi»da Matich devor edi. Avvaliga Mourino uchun, keyin Konte uchun. Aynan shu sifati uchun Mourino uni Manchesterga olib keldi. Lekin bunday futbolchilar oddiy vaziyatlarda xato qilmasligi kerak. Mourinoning futbol falsafasida asosiysi - xato qilmaslik.

Yetti pasdan ikkitasi aniq, ikki marcha to‘p yo‘qotish va keraksiz joyda burchak jarimasi. Bu Neymanyaning ilk o‘n daqiqadagi statistikasi. To‘p yo‘qotishlardan biri «MYu» qarshi hujumga o‘tganida ro‘y berdi va bu qarshi hujum De Xea darvozasi tomon burchak to‘pi belgilanishi bilan yakunlandi. Matich o‘yin boshida oddiy qarorlar qabul qilishda adashdi. O‘yinning ilk yarim soatida mehmonlar raqib tomonga atigi 14 marcha aniq pas uzatishdi. Shundan 7tasi chap qanotdan. Maydon markazidan o‘yin bo‘lmadi. 

Hujum himoyaga qarshi

Yurgen Klopp esa hujumkor tarkib tanladi - 4-2-3-1. Shaqiri boshlang‘ich tarkibdan chetda qoldi, Keyta birinchi bo‘limda o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan chap qanotda harakat qildi va maydon markazida Fabino hamda Veynaldumga yordam berib turdi. Tarkib deyarli ideal darajada edi.

Mourino tanlagan tarkib esa dastlab hujumda o‘ynashga harakat qildi, bir safar to‘p darvoza to‘riga borib ham tushdi. Ammo bu vaziyatda Lukaku shundoq ham darvoza to‘riga qarab ketayotgan to‘pga intildi va hakam ofsayd qayd etdi. Ammo o‘yinning 15 daqiqaligida baribir «Liverpul» ustunlik qildi - zarbalar berish bo‘yicha ko‘rsatkich bu vaqtga kelib 7:1 ko‘rinishini olgandi. De Xea vaziyatlardan birida Roberto Firminoning o‘ta xavfli zarbasini qaytarib, jamoasini goldan saqladi.

Fabinoning erkinligi
«Liverpul»ning eng ortda harakatlanadigan yarimhimoyachisi bu o‘yinda raqib darvozasi tomon zarba berish borasida ikkinchi bo‘ldi. Fabino 5ta zarbasidan 4tasini jarima maydoni tashqarisidan yo‘lladi. Matich va Errera (keyin Fellayni) Veynaldum va Firminoni qo‘riqlash bilan band bo‘lishdi, Reshford qanotda qoldi, Lingard ortga qaytmadi va Fabino emin-erkin harakatlanib, istagan joyidan zarba beraverdi.

Uning zarbalari ochko keltirmagan bo‘lsada, uning zargarona pasi golga olib keldi.

«Liverpul» bu o‘yinda g‘alaba qozonishi zarur edi, bir kun oldin tur o‘yinini o‘tkazgan «Manchester Siti» «Everton» ustidan g‘alabaga erishib (3:1), turnir jadvalida yana birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgandi. «Liverpul» birinchi bo‘lib gol urdi, «MYu» himoyachilari Maneni nazardan qochirishdi va u Fabino tomonidan darvozabon hududiga tashlab berilgan to‘pni mahorat bilan o‘ziga bo‘sundirib, uni De Xeaning oyoqlari orasidan o‘tkazdi.

«Manchester Yunayted» natija uchun o‘ynashda davom ettirdi va o‘z imkoniyatini kutdi. Bittagina vaziyat tug‘ildi va Alissoning xatosidan keyin Lingard hisobni tenglashtirdi.

Mourino endi futbolchilarning joylarini o‘zgartirib, o‘yin ko‘rsata boshladi. Birinchi bo‘limda jamoa 4-4-1-1 sxemasiga o‘tdi, ikkinchi bo‘limda Fellayni maydonga chiqishi bilan bu sxema ham 4-3-3ga o‘zgardi. Buning evaziga De Xea darvozasi oldida xavfli vaziyatlar kamaydi. Raqib zarba berishda davom etar, lekin «MYu» durangni saqlab qolishga yaqinlashar edi. Ikkinchi bo‘limda mehmonlar hujumga o‘tishni xayoliga ham keltirishmadi.

Kloppning «hid bilish» qobiliyati

«Liverpul» bosimni oshirishi kerak edi va Klopp ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida toliqqan Keyta o‘rniga baquvvat Shaqirini tushirdi. Shveytsariyalik futbolchi odatda 4-2-3-1 sxemasida qanotdan joy olardi, ammo Klopp uni raqib himoyasini markazdan parchalash uchun tushirgandi. Bu ish berdi: maydonga chiqqaniga 3 daqiqa bo‘lmasidan Shaqiri «Liverpul»ni oldinga olib chiqdi.

Jozening xatosi
Mourino asabiylasha boshladi, Errerani o‘yindan oldi va Marsiyalni tushirdi. Maydon markazi hujumni kuchaytirish uchun qurbon qilindi. Ammo va-bank o‘zini oqlamadi. Shaqiri yana yana bo‘sh qoldirildi va uning kuchli zarbasi rikoshet orqali darvoza to‘riga borib tushdi. 

Mehmonlar raqibni pressing qilishmadi, chuqur himoyaga yotib olishdi, raqibga keng hudud qoldirishdi. Mehmonlar himoyachilari raqibning 14 zarbasini to‘sishdi. Bu oldindan ma'lum taktika edi: siz istaganingizcha tepavering, biz to‘sganimizcha to‘samiz. Ammo bunday vaziyatda rikoshetdan qochishning imkoni yo‘q edi, zarbalarning biri bo‘lmasa boshqasi rikoshet tufayli darvozaga kirib ketishi ehtimoli yuqori edi.

Shveytsariyalik futbolchi esa shunday vaziyatlardan biridan unumli foydalandi va asosiy tarkibga haqli ekanini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.

«Liverpul» uchinchi goldan keyin ham to‘xtamadi va raqib darvozasi tomon xavf solishda davom etdi. Veynaldum ham gol urishi mumkin edi, Saloh ham o‘z nomini tabloga yozdirishi mumkin bo‘ldi, ammo hisob o‘zgarmadi.

3:1 - «Liverpul» birinchi o‘ringa qaytdi va keyingi 5 yil ichida o‘z maydonida ilk marcha «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etdi. Oxirgi 6 o‘yinda 6 ochko olgan «qizil iblislar» esa 6-o‘rinda qoldi va Mourinoning iste'fosi haqida navbatdagi xabarlar to‘lqini boshlandi. Bu mavsum uning uchun oxirgisi bo‘lishi mumkin.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham Joze yangi gap o‘ylab topa olmadi. U raqib kuchli ekanini tan oldi va jamoa muxlislariga bu mavsum «oltinchi o‘rindan pastga tushib ketmaslik»ka va'da berdi.

«Arsenal» 4 oy ichida ilk marcha yutqazdi

«Sautghempton» – «Arsenal» 3:2
Gollar: 1:0 – 20 Ingz, 1:1 – 28 Mxitaryan, 2:1 – 44 Ingz, 2:2 – 53 Mxitaryan, 3:2 – 85 Ostin.
«Sauthempton» – Makkarti, Vestergor, Yosida, Targett, Bednarek, Redmond (Long, 63), Xeyberg, Armstrong (Djonson, 90), Romeu, Valeri, Ingz (Ostin, 71).
«Arsenal» – Leno, Lixtshtayner (Meytlend-Naylz, 74), Monreal, Bellerin (Lyakazett, 46), Koselni, Genduzi, Chaka, Mxitaryan, Torreyra, Ivobi (O‘zil, 70), Obameyang.
Ogohlantirishlar: Bednarek (51), Koselni (60), Armstrong (71).

«Arsenal» Unai Emeri rahbarligida Angliya chempionatini «Manchester Siti» (0:2) va «Chelsi»ga (2:3) qarshi o‘yinlardagi mag‘lubiyat bilan boshlagandi. Shundan keyin londonliklar APLda 14 uchrashuvda mag‘lub bo‘lishmadi, barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlar qo‘shib hisoblanganda, 23 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etildi. Lekin bu seriya Sauthemptondagi «Sent-Meri» stadionida yakunlandi.

Unai Emeri «avliyolar»dan bunday o‘yin kutmagani aniq. Jamoa ayni vaqtda turnir jadvalining quyi qismida joylashgandi. 

Birinchi bo‘limda «kanonirlar» to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik qilishdi - 62 foiz. Ammo zarbalar berish borasida ortda qolishdi 3-9 (2-5). Mezbonlar hujumchisi Denni Ingz birinchi bo‘limda Bernd Leno darvozasiga ikki gol yo‘lladi. Birinchi gol urilgan vaziyatda o‘ng qanot himoyachisi Ektor Bellerin jarima maydoni ichiga to‘p uzatilishiga qarshilik qila olmadi, Loran Koselni va Granit Chaka esa Ingz bilan to‘p uchun kurashni boy berishdi. Ikkinchi gol urilgan vaqtda esa jarima maydoniga to‘p uzatilgan vaqtda na Lixtshtayner va na Koselni to‘pni to‘sa olishdi. Bir tomondan Chaka va Lixtshtayner markaziy himoyachilar emas, «Arsenal»ning markaziy himoyachilari bu o‘yinda ishtirok eta olishmagani uchun (Sokratis va Mustafi diskvalifikatsiya qilingan, Rob Holding, Sead Kolashinats va Mavropanos jarohat olgandi).

Genrix Mxitaryan «Arsenal»ni qutqarib qolishga urindi. Armanistonlik futbolchi mezbonlarning gollariga ikki marcha javob qaytardi. Birinchi bo‘lim oxirida mehmonlar yana bir asosiy futbolchisini yo‘qotishdi - Ektor Bellerin jarohatlandi.

Ikkinchi bo‘limda «Arsenal» yanada hujumkorroq o‘ynadi va to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlikni 72 foizgacha oshirdi, «to‘pchilar» zarbalar berish bo‘yicha ham oldinga o‘tib ketishdi - 10:3 (aniq zarbalar bo‘yicha - 2:2). Lekin Mxitaryanning ikkinchi goli mehmonlarning oxirgi goli bo‘lib qoldi, «Sauthempton» qarshi hujumda omadga erishdi va Lenoning to‘pga chiqishdagi qo‘pol xatosi evaziga g‘alabani o‘ziniki qildi. Endi «Arsenal» peshqadam «Liverpul»dan 11 ochko ortda qolgan holda beshinchi o‘rinda.

Tur natijalari

Turnir jadvalidagi holat

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid