Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidan murojaat yo‘llandi.

«Men ishlayotgan umumiy o‘rta ta'lim maktabining tomi ta'mirtalab ahvolda bo‘lgani sababli, har gal yomg‘ir yoqqanida yurak hovuchlab kompyuterlar ustiga soyabon tutishni boshlayapman. Qish yaqinlashyapti. Bu ketishda yangi kompyuterlar tez orada ishdan chiqishidan xavotirdaman», deyilgan maktubda.

Murojaat muallifi Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani 12-maktabning informatika o‘qituvchisi edi. «Bodomzor» mahallasida joylashgan maktabga bordik. Maktab hovlisidan kirib borarkanmiz, binoning o‘ng qanotidagi devor yomg‘irlardan namiqib qolganiga guvoh bo‘ldik.

Maktab ichkarisidagi zina suyanchiqlariga yuqoridan tomchi tommoqda. Uchinchi qavat dahliziga ham yuqoridan chakka tomarkan.   

Adabiyot xonasiga ham yomg‘ir yaxshigina zarar yetkazgan.

O‘rnatilgan chiroqlarning faqat ikkitasigina xonani xira yoritayotgandi.

Murojaatchining aytishicha, tomdan chakka o‘tishi oqibatida chiroq simlari namiqib, tutashuv sodir bo‘lgan.

Yog‘ingarchilikda namiqib qolmasligi uchun stol-stullar uyoqdan buyoqqa tartibsiz surib qo‘yilgan, kompyuterlar o‘ralgan holatda. Ma'lum bo‘lishicha,  informatika xonasini jihozlash uchun joriy yilda 80 million so‘m mablag‘ sarflangan.