Jahon iqtisodiyotining tayanchi yoxud migrantlar haqida qiziqarli raqamlar
BMT Bosh assambleyasining taklifiga binoan 2000 yildan buyon har yili 18 dekabr Xalqaro migrantlar kuni sifatida nishonlanadi. 1990 yilning xuddi shu kunida BMT Bosh assambleyasi Mehnat migrantlari va ularning oila a'zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani qabul qilgandi.
BMT bosh kotibi barcha davlatlarni bir necha bor mazkur konvensiyaga qo‘shilishga chaqirgan. Bosh kotibning ta'kidlashicha, jahon iqtisodiyoti mehnat migrantlariga bog‘liq bo‘lib, ularsiz jamiyat qashshoqlashib ketgan bo‘lardi.
Bu va boshqa ma'lumotlarni quyida keltiriladigan raqamlardan ham bilib olish mumkin.
244 million migrant va 6 trln dollar
BMT statistikasiga ko‘ra, 2017 yilda dunyo bo‘yicha xalqaro migrantlar soni 244 million nafarni tashkil etgan.
Jahon bankining norasmiy statistikasiga ko‘ra, 2017 yilda butun dunyodagi mehnat migrantlari jo‘natgan pul miqdori 613 466 million dollarga teng bo‘lgan. Mehnat migrantlari jo‘natadigan mablag‘lar ayrim davlatlar iqtisodiyotining kattagina qismini tashkil qiladi. Masalan, 2016 yilda Tojikiston YaIM 7 mlrd dollar atrofida bo‘lgan, o‘sha yili tojikistonlik mehnat migrantlarining Rossiyadan o‘z vatanlariga jo‘natgan pul o‘tkazmalari miqdori 1,9 mlrd dollarga teng bo‘lgan.
Migrantlar uchun sevimli davlatlar
Kanadaning migratsion tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi IMMIgroup tashkiloti ma'lumot berishicha, Filippin noqonuniy migrantlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bu yerda Xitoydan kelgan 100 mingdan ortiq noqonuniy migrant bor. Malayziyada esa noqonuniy migrantlar soni 800 ming nafarga yetadi. Taqqoslash uchun, Kanadada noqonuniy migrantlar soni 2018 yilda 35 000 va 120 000 orasida bo‘lgan. Germaniyada esa 1 mln atrofida.
2013 yilda Britaniyada 1,8 million immigrant oila ijtimoiy boshpana olish uchun navbatda turgan. Keyingi o‘n yil davomida Britaniyaga kelgan 4 million immigrantdan 470 mingga yaqini ijtimoiy boshpana olgan.
Isroil deyarli butkul migrantlar va ularning avlodlaridan tashkil topgan. Migratsiyaning birinchi to‘lqini 1882-1903 yillarda yuz bergan. Isroilda Yaman, Marokash, Rossiya, Efiopiya, Eron, Markaziy Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlaridan kelganlar istiqomat qiladi.
Janubdan shimolga boruvchi katta yoshli migrantlar barcha migrantlarning 40 foizini tashkil etadi. Migrantlarning 33 foizga yaqini janub davlatlari o‘rtasida ko‘chib yuradi, 22 foizi shimol davlatlari o‘rtasida yursa, 5 foizi shimoldan janubga boradi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tadqiqotlari natijalaridan ma'lum bo‘lishicha, migrantlar ichki bozorni kengaytirishadi va bir ish o‘rnini band etish bilan birga yana bir ish o‘rnini yaratishadi. Qo‘shma Shtatlarda 2007 yildan 2013 yilgacha iqtisodiy o‘sishning uchdan bir qismi immigrantlar ulushiga to‘g‘ri kelgan.
«Yashil karta» (green card) — AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi bu hujjat 1950-yillarda joriy etilgan bo‘lib, o‘sha paytda u yashil rangda bo‘lgan va shu bois «yashil karta» nomi qolib ketgan.
Mehnat migratsiyasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilingan va 1949 yilda qayta ko‘rib chiqilgan «Mehnat migrantlari to‘g‘risidagi konvensiya» bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston va migratsiya
2018 yil yanvaridan sentabr oyiga qadar Rossiyaga O‘zbekistonning 3 million 400 mingdan ziyod fuqarosi kirib kelgan bo‘lib, ularning 1 573 791 nafari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borgan.
2018 yilning yanvar-sentabr oylari mobaynida Qozog‘istondan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari miqdori 84,6 mlrd tengeni (225,1 mln dollar) tashkil etgan.
2018 yilning uchinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga jismoniy shaxslar to‘lov tizimlari orqali 929,1 million dollar o‘tkazishgan.
Rossiyadan O‘zbekistonga o‘rtacha pul jo‘natmasi 490 dollarni tashkil etgan.
Shu yilning 28 noyabr kuni O‘zbekiston Xalqaro migratsiya tashkilotiga a'zo bo‘ldi.
Mavzuga oid
21:00 / 12.11.2024
Rossiyada migrantlar uchun uy-joy ijarasi qoidalari kuchaytiriladi
16:55 / 12.11.2024
Tramp millionlab migrantlarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda - OAV
00:11 / 12.11.2024
Niderlandiya 9 dekabrdan chegara nazoratini joriy etadi
22:00 / 08.11.2024