Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda ilk bor 10 nafar bemor bolada ochiq usuldagi kardiojarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi
“Hozirda bolalarda uchraydigan tug‘ma yurak nuqsonlari jarrohlik amaliyotlari Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yuqori tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan kardiojarrohlik majmuasida, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida, shuningdek, Andijon, Namangan va Xorazmdagi shifo muassasalarida muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
2018 yilda Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bolalar kardiojarrohlik bo‘limining tashkil etilishi bunday zamonaviy shifo maskanlari sonini yana bittaga ko‘paytirdi”, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Xabar qilinishicha, kuni kecha markazda sun'iy qon aylantirish uskunasi yordamida to‘xtatilgan yurakda o‘n nafar bemorda ochiq jarrohlik amaliyoti bajarildi. Bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni va qorinchalararo to‘siq nuqsoni bo‘lgan ikki turdagi yurak porogi operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Teletibbiyot imkoniyatlaridan foydalanib o‘tkazilgan operatsiyani rossiyalik mutaxassislar kuzatib bordi. Yaqin kunlarda bo‘limda yana o‘nlab bemor bolalarda shunday noyob jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, joriy yil mobaynida esa yana 300 nafardan ziyod bemor bolaga shunday yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Ushbu klinikada Moskvadagi A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida faoliyat yuritgan uch nafar yurtdoshlarimiz – tibbiyot fanlari nomzodi Maqsud Saidov, malakali shifokorlar Ikrom Mallayev, Mirzohid Temirovlar faoliyat yuritmoqda. Kardiojarrohlik bo‘limida bir yilga yaqin vaqt mobaynida sakson nafardan ko‘proq bemor bolalarda yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazildi.
“Bolalarda uchraydigan tug‘ma yurak nuqsonlarini ochiq usulda operatsiya qilish dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagina amalga oshiriladi. Davlatimiz tomonidan yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli bunday zamonaviy operatsiya mamlakatimiz tibbiyotiga ham tatbiq etilmoqda. Jumladan, endi bunday jarrohlik amaliyotlari Samarqandda ham bajariladi. Bunday imkoniyatlar yurtimga qaytishimga turtki bo‘ldi. Bu yerda samarali mehnat qilishimiz, ilmiy salohiyatimizni ro‘yobga chiqarish, dunyoning tibbiyoti taraqqiy etgan klinikalari bilan hamkorlik qilishimiz mumkin”, deydi markaz kardioxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Maqsud Saidov.
Mavzuga oid
17:46 / 10.06.2026
Samarqand tumanlari qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashgan hudud sifatida rivojlantiriladi
17:45 / 05.06.2026
“AQShga murojaatingizdan xursandmiz” - Sherdor restavratsiyasiga 500 ming dollar ajratildi
17:36 / 05.06.2026
Saida Mirziyoyeva UNEP va GEF rahbariyati bilan uchrashdi
18:49 / 04.06.2026