Sport | 23:35 / 21.01.2019
50286
3 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: «Jamoaning kelajagiga optimistik qarayapman»

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Osiyo Kubogi 1/8 finalidan o‘rin olgan Avstraliyaga (0:0, pen 2:4) qarshi o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Jamoamdan faxrlanaman. Futbolchilar maydonda qo‘lidan kelganicha astoydil harakat qilishdi. O‘yinda menga yoqmagan yagona narsa – ikkinchi bo‘limning ilk 15 daqiqasidagi passivlik.

Albatta, bu musobaqadan ko‘p narsani kutgan edik. Ammo hozirdan ishtirokimizni yakunlashga majbur bo‘ldik. Penaltilar seriyasi ham futbolning bir qismi.

Marat Bikmayevni nima maqsadda maydonga tushirdim? Eldor Shomurodov o‘yin oxiriga borib, juda ham charchagan edi. U borini berib o‘ynagani uchun ham toliqdi. Marat – jamoamizning eng muhim a'zolaridan.

Sardor Rashidovni Osiyo Kubogiga olib kelish qarorim qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi? Rashidovni turnirga olib kelish qarorim to‘g‘ri bo‘ldi, deb hisoblayman. U o‘zini eng yaxshi tomondan ko‘rsatishga urindi. Jamoaning boshqa barcha futbolchilari ham musobaqaga kelish uchun qattiq mehnat qilishdi.

O‘zbekiston terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqish uchun qaysi tomonlardan kuchaytirish kerak? O‘yinimizning barcha jihatlarini yaxshilash ustida ishlashimiz kerak. Bu masalaga men ancha ijobiy yondashaman. Jamoaning kelajagiga optimistik ruhda qarayapman.

O‘zbekistonning grand jamoalari bilan o‘yinlarda duch kelayotgan psixologik muammoga qanday yechim topish mumkin? Biz barcha tomonlama barqaror futbol ko‘rsatuvchi jamoani qurishimiz kerak. Osiyo Kubogida biz Yaponiya va Avstraliya kabi Osiyoning eng yaxshi jamoalari bilan munosib tarzda o‘ynadik va bu bahslarda futbolchilarda ruhiy tayyorlik jihatdan muammo kuzatilmadi.

120 daqiqa o‘yin bo‘ldi va bu vaqtda biz raqibga munosib qarshilik ko‘rsata oldik. Barchasi omadga bog‘liq bo‘ldi. Jamoamni Avstraliyadan kuchsizroq o‘yin ko‘rsatdi, deya olmayman», dedi Kuper.

Mavzuga oid