O‘zbekiston | 18:11 / 30.01.2019
145683
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarni 2019 yil 1 fevraldan qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

Foto: Pinterest

O‘zbekistonda qishning so‘nggi oyida viza rejimi, bojxona rasmiylashtiruvi, ko‘chmas mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi, deb yozadi Norma.

Mamlakat xorijliklar uchun «ochiladi»  

2019 yil 1 fevraldan:

a) 45 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz rejim asosida tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi. Ular orasida dastlab bunday imkoniyat 2021 yilda taqdim etilishi rejalashtirilgan mamlakatlar ham bor;

b) 76 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kirish elektron vizasini rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Uning afzalligi – viza olishning tez va osonligi: e-visa.gov.uz portali orqali ikki ish kunida olish mumkin.

Vakolatli iqtisodiy operatorlar va «front-ofis»lar paydo bo‘ladi

Xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti paydo bo‘ladi. U tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilariga soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillaridan foydalanish huquqini taqdim etishni ko‘zda tutadi.

Ushbu maqomga ega bo‘lish uchun yuridik shaxslarga nisbatan talablar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Ayni paytda ushbu hujjat loyihasi mavjud bo‘lib, aniq tartib u tasdiqlanganidan so‘ng ma'lum bo‘ladi.

Bundan tashqari, DBQning Toshkent viloyati va Toshkent shahri boshqarmalarida, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida tajriba tarzida maxsus «front-ofis»lar tashkil etiladi. Ularda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha bepul asosda xizmat ko‘rsatiladi.

Ko‘chmas mulkka egalik huquqi haqidagi ma'lumotnomalar davlat organlari tomonidan beriladi

1 fevraldan ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar to‘g‘risidagi axborot:

·    joylardagi ijroiya hokimiyati organlari;

·    davlat notarial idoralari;

·    Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalari;

·    boshqa vakolatli organlar tomonidan beriladi.

Ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquq hamda ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan boshqa ashyoviy huquqlar, shu jumladan ushbu huquqlar va ular bilan bog‘liq bitimlarning vujudga kelishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi haqidagi axborot ushbu organlar tomonidan kadastr organlariga tegishli harakatlar sodir etilgan kundan boshlab bir kun muddatda taqdim etiladi. 

Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari bir hafta muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarga yuboriladi.  

Xalq qabulxonalari xalqqa yanada yaqin bo‘ladi

Xalq qabulxonalari uyma-uy yurish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal qilish bilan shug‘ullanadi. Davlat organlari xalq bilan bevosita ishlashga o‘tadi.

Ishchi guruhlar hududlarni mahalla va xonadonlar, oilalar kesimida tahlil qilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa – bir yillik va o‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantiradi. 

Sektorlar faollashadi

2019 yil 1 fevraldan sektorlar ishi modernizatsiya qilinadi. Ularning rahbarlari fuqarolar va tadbirkorlar bilan joylarga chiqqan holda qabullar o‘tkazadi:

·    tumanlar (shaharlar) sektorlari rahbarlari har haftada kamida bir marotaba;

·    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sektorlari rahbarlari har oyda kamida ikki marotaba.

Xalq qabulxonalari bilan hamnafaslikda amalga oshiriladigan bu ishlar aksariyat muammolarni joyida hal qilish hamda Prezident Virtual qabulxonasi va respublika boshqaruv organlariga kelib tushadigan shikoyatlar sonini kamaytirish imkonini beradi.

Mavzuga oid