O‘zbekiston | 22:00 / 07.02.2019
30830
8 daqiqa o‘qiladi

Transport vazirining vakolatlari belgilandi

​O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida​»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi transport vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, Vazirlik huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tuzilmasiga zarur hollarda boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va ta'lim muassasalari yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar va ekspertlarni konsultantlar sifatida jalb etish hamda malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqi miqdori hamda boshqa to‘lovlarni chet el valutasida belgilash huquqi berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanishi va lavozimdan ozod etilishi, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod etilishi belgilangan.

Vazirlik huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri taqdimiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Vazirlik huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining, Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshliqlarining o‘rinbosarlari ularning rahbarlari taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi transport vaziri va uning o‘rinbosari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari – viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari shtat birliklarini shakllantirish O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi shtat birliklari, Vazirlik huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, shuningdek, Vazirlikka o‘tkazilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, ta'lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakolatlari va shtat birligini optimallashtirish hisobidan amalga oshiriladi.

Vazirlik hududiy bo‘linmalari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 yanvardagi PQ–2722-son «Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 1-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.

Vazirlik, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi davlat boshqaruvi organlarining ta'minoti xarajatlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamg‘armasi negizida, mablag‘larining shakllantirish manbalari saqlangan holda, yuridik shaxs tashkil etmasdan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Shahar, shahardan tashqari, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda avtomobil transportida yuk va yo‘lovchilar tashishni amalga oshirish uchun litsenziya berish va ularning amal qilish muddatini uzaytirishdan tushadigan davlat boji mablag‘larining 40 foizi O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalarini ta'minlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltirilishi belgilangan.

Vazirlik Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritadi:

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, uning mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalarini belgilagan holda tasdiqlash;

Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan Vazirlik va uning idoraviy tashkilotlari xodimlarini mehnatga haq to‘lash fondining 200 foizgacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi.

Vazirlik Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda, Vazirlik huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini, ikki oy muddatda tartibga solish funksiyalarini istisno qilish, investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, raqobat muhitini shakllantirish va temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashishda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va boshqa tadbirkorlik sub'yektlari – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari uchun teng sharoitlarni yaratish maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni, ikki oy muddatda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida ta'lim, xodimlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish tizimini va ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni, ikki oy muddatda Vazirlik tizimiga kiruvchi tijorat tuzilmalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini, uch oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va foydalanish tizimini takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining davlat va tijorat funksiyalarini ajratishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritadi.

O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tugatilayotganligi munosabati bilan bo‘shayotgan bino va xonalarga Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari joylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari - Transport vaziri lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid