O‘zbekiston | 20:20 / 18.02.2019
54980
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» zimmasida katta davlat qarzi mavjud

O‘zbekistonda milliy aviakompaniya, aeroport va aviadispetcherlik xizmati bir tashkilot sifatida ishlagani mamlakat havo transporti rivojiga ulkan foyda bermagan. Bu haqda Jahon Banki guruhi va Xalqaro moliya korporatsiyasi mutaxassislari tomonidan e’lon qilingan «O‘zbekistonda bozorlarni tashkil etish. Barqarorlikdan raqobatbardoshlikka qadar» nomli hisobotida aytiladi. 

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK eski sovet modelidan voz kechmagan holda havo transporti munosabatlarini saqlab qolgandi: bir tashkilot havo va unga bog‘liq barcha xizmatlarni boshqaradi. Xalqaro fuqarolik aviatsiya tashkiloti tavsiyasiga binoan parvozlar bo‘yicha nazorat inspeksiyasi MAK tarkibidan chiqarildi, ammo inspeksiyasini moliyalash «O‘zbekiston havo yo‘llari» zimmasida edi. Davlat esa MAKni milliy iqtisodiyotning ajralmas qismi sifatida himoya qilib keldi»,  — deyiladi hisobotda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagandi. Ushbu hujjat bilan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, uning negizida Uzbekistan Airways va aeroportlar ustidan boshqaruv o‘rnatuvchi Uzbekistan Airports kompaniyalari (MChJ) tuzildi.

Shuningdek, «O‘zbekiston havo yo‘llari» tarkibiga kiruvchi barcha davlat unitar korxonalari mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirildi. Bu, xususan, samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlashga ixtisoslashgan Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasiga ham taalluqli. «O‘zaeronavigatsiya» markazi esa Vazirlar Mahkamasi ixtiyoriga o‘tkazildi. «Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi» negizida esa Uzbekistan Helicopters kompaniyasi tuzildi.

Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan Transport vazirligi huzurida Fuqaro aviatsiyasi agentligi ish boshladi. Shunga qaramay, havo transporti bilan shug‘ullangan davlat korxonasining qarzi jiddiy muammo ekanligi aytilmoqda. 

«Investitsiya va imtiyozlardan to‘g‘ri foydalansa, «O‘zbekiston havo yo‘llari» ham rivojlanib boradi, ammo bu raqobat muhitida yuz beradi. Masalan, Emirates Airlines yo Singapoore Airlines ham davlat korxonasi hisoblanadi. Yaqin kunlarda MAK katta davlat qarzi bilan bog‘liq muammoga duch kelishi mumkin. Yangi samolyotlarni sotib olish, aeroport infratuzilmasini rivojlantirish kabi masalalar tufayli «O‘zbekiston havo yo‘llari» katta qarzga botgan va bu darhol hal etilishi kerak», — deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid