14:12 / 18.03.2019
8835

O‘zbekiston yanvar-fevral oylarida 1,2 mlrd dollarlik oltin sotdi

Foto: Getty Images

2019 yil yanvar-fevral oylarida eksport hajmi 3,03 mlrd dollarga (o‘sish sur'ati 20,4%) teng bo‘ldi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qilmoqda.

Eksport tarkibida tovarlar 86,6% ulushga ega bo‘lib, bular asosan energiya manbalari va neft mahsulotlari (16,0%), to‘qimachilik va to‘qimachilik buyumlari (7,5%), oziq-ovqat mahsulotlari (4,2%), shuningdek, qora metallar va undan tayyorlangan buyumlar (1,4%), rangli metallar va undan tayyorlangan buyumlar (4,6%) guruhlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu 3 mlrd dollarning yarmidan kamrog‘i oltin hissasiga to‘g‘ri keldi - 1,2 mlrd dollar. Oltinni hisobga olmaganda, eksport hajmi 45,3 foizga oshib, 1,8 mlrd dollarni tashkil etdi.

Agar 2018 yil bilan solishtiriladigan bo‘lsa, eksport tuzilmasida sezilarli o‘zgarishlar yuz bermagan, ammo 2019 yil yanvar-fevral oylarida oltindan tashqari barcha tovar va xizmatlarning eksport ulushi oshgan.

2018 yilda O‘zbekiston 2,9 mlrd dollarlik oltin sotdi. U eksportdagi eng asosiy tovarlardan biri bo‘lib qolmoqda. Masalan, 1,1 mlrd dollarlik qora va rangli metallar, 1,6 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 1 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari sotildi.

2018 yil kuzida O‘zbekiston oltin eksportini to‘xtatdi, bu mamlakatning oltin zaxiralarini ko‘paytirish imkonini berdi. Yil boshida qazib olinadigan va sotiladigan oltin to‘g‘risidagi ma'lumot endi sir saqlanmasligi ma'lum bo‘ldi.

Bundan oldin, tovar va xizmatlarning asosiy qismi Xitoy hamda Rossiyaga eksport qilinayotgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top