Jahon | 08:41
3206
3 daqiqa o‘qiladi

Jahonning eng yirik oltin konlari: O‘zbekiston ikkinchi o‘rinda

Dunyodagi eng yirik oltin qazib oluvchi korxonalarning yangi reytingi e’lon qilindi. Unda AQShdagi Nevada Gold Mines majmuasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, O‘zbekistonning Muruntov koni ikkinchi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati esa beshinchi o‘rindan joy oldi.

«Muruntov» koni / Foto: Uzbekistan Travel

2026 yilda oltin narxining bir troya unsiyasi 4 ming AQSh dollaridan oshib ketishi ushbu qimmatbaho metallga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Mutaxassislar bu holatni oltinning cheklangan zaxiralari hamda elektronika, tibbiyot, stomatologiya va moliya sohalarida keng qo‘llanishi bilan izohlamoqda.

Reytingning birinchi pog‘onasini AQShning Nevada shtatida joylashgan Nevada Gold Mines ishlab chiqarish majmuasi egalladi. 2019 yilda Barrick va Newmont kompaniyalari aktivlari negizida tashkil etilgan mazkur majmua o‘tgan yili 2,7 million unsiya yoki 83,9 tonna oltin ishlab chiqargan. Bu dunyodagi umumiy oltin qazib olish hajmining 2 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinda O‘zbekistonning Qizilqum sahrosida joylashgan Muruntov koni qayd etildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan o‘zlashtirilayotgan ushbu kon 2025 yilda 2,68 million unsiya yoki 83,3 tonna oltin qazib olgan. Muruntov dunyodagi eng yirik ochiq usuldagi oltin koni hisoblanadi. Uning chuqurligi 600 metrdan, diametri esa 3 kilometrdan ortiq. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, konda taxminan 4,5 ming tonna oltin zaxirasi mavjud bo‘lib, u yana ko‘p o‘n yillar davomida ishlab chiqarishni davom ettirish imkonini beradi.

Indoneziyadagi Grasberg koni / © Wikimedia Commons


Uchinchi o‘rin Indoneziyadagi Grasberg koniga nasib etdi. Bu yerda oltin bilan bir qatorda mis ham qazib olinadi. Korxona zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalar va yer ostida blokli qulatish usulidan foydalanishi bilan ajralib turadi.

To‘rtinchi o‘rinni Rossiyaning «Olimpiada» koni egallagan. Sibirda joylashgan ushbu konda oltinni ajratib olish uchun mikroorganizmlar ishtirokida biologik oksidlash texnologiyasi qo‘llanadi, chunki ruda tarkibidagi oltin an’anaviy usullar bilan qiyin ajratiladi.

Beshinchi pog‘onadan yana bir o‘zbekistonlik ishtirokchi — Olmaliq kon-metallurgiya kombinati joy oldi. Kombinat asosan mis ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lsa-da, mis rudasini qayta ishlash jarayonida katta hajmda oltin ham olinadi. Amalga oshirilayotgan modernizatsiya dasturi doirasida 2030 yilgacha mis ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu oltin ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining ham o‘sishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Indoneziyaning Batu Hijau koni / © Wikimedia Commons

Reytingning keyingi o‘rinlaridan Indoneziyaning Batu Hijau, Qozog‘istonning Kazzinc Consolidated, Gananing Ahafo, Malining Lulo–Gunkoto hamda Kongo Demokratik Respublikasidagi Kibali konlari o‘rin olgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid