Jahon | 14:10 / 27.03.2019
15693
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik kibermutaxassislar Venesuelaga yuborilgani ma'lum bo‘ldi

Foto: FredericoBlackB/Twitter

24 mart kuni Venesuelaga yetib kelgan rossiyalik harbiylar orasida kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar bo‘lgan. Bu haqda Reuters AQSh hukumatidagi manbalarga tayangan holda xabar qilmoqda.

Vashingtondan taxmin qilishlaricha, ularning vazifalari orasida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro tarafdorlariga mamlakat hukumati kiberinfratuzilmasini kuzatish va himoya qilishda yordam berish ham bor bo‘lishi mumkin. Bu, agentlik suhbatdoshlarining fikricha, Maduroni mamlakatda rejim o‘zgarishidan himoya qilish va Rossiyaning Lotin Amerikasidagi pozitsiyasini mustahkamlashi kerak.

Bundan oldin, Venesuelaga Rossiyadan bortida yuzga yaqin harbiy bo‘lgan ikki samolyot kelib qo‘ngani haqida xabarlar tarqalgandi.

El Comercio nashri xabariga ko‘ra, 23 mart kuni Karakasdagi Mayketiya xalqaro aeroportiga rossiyalik harbiylar va 35 tonna yuk bo‘lgan An-124 va Il-62 samolyotlari kelgan.

Nashrning ta'kidlashicha, gap 99 harbiy haqida bormoqda, ularga Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi tashkiliy-mobilizatsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i general-polkovnik Vasiliy Tonkoshkurov boshchilik qilmoqda.

Keyinchalik, Venesuela Yagona sotsialistik partiyasi (PSUV) vitse-prezidenti Diosdado Kabelo Karakasga ichida harbiylar bo‘lgan Rossiya samolyotlari haqiqatdan ham kelib qo‘nganini tasdiqladi.

Kabeloning bildirishicha, rossiyalik harbiylar bo‘yicha tashabbus Venesuela prezidenti Nikolas Maduro tomonidan ilgari surilgan. U harbiylarning tashrifidan ko‘zlangan maqsadga aniqlik kiritmadi.

Mavzuga oid