Xizmat mashinasida Vestminster universiteti xodimini urib ketgan Bosh prokuratura haydovchisiga hukm chiqarildi
Toshkent shahar Yashnobod tuman sudida Bosh prokuratura xizmat mashinasi haydovchisining piyodani urib ketgani yuzasidan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, J.A. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi haydovchisi bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi JK 266-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.
J.A. 2019 yil 24 yanvar kuni soat 19:15larda xizmat yuzasidan unga biriktirilgan «Lacetti 2» rusumli avtomashinani yo‘l varaqasi asosida Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab, Maxtumquli ko‘chasi tomondan Amir Temur ko‘chasi tomonga soatiga 40-50 km/soat tezlikda yo‘lning birinchi harakatlanish bo‘lagidan boshqarib kelib, Shahrisabz-Taraqqiyot ko‘chalari kesishuvidagi tartibga solingan chorraha va piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashgan vaqtida sekinlash choralarini ko‘rmasdan, beparvoligi va e'tiborsizligi oqibatida chorrahaning piyodalar o‘tish joyidan o‘tib kelayotgan fuqaro X.N.ni transport vositasining old o‘ng tomoni bilan urib yuborgan. Natijada piyoda N.X. hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari bilan 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga yotqizilib, 2019 yil 29 yanvar kuni soat 21:30da shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.
Sud-tibbiyot ekspertizasining 11.02.2019 yildagi 36-sonli xulosasiga ko‘ra, marhum N.X.ning o‘limi – bosh miya yopiq jarohati natijasida kalla asos va gumbaz suyaklarining maydalanib sinishlari oqibatida miya qattiq va yumshoq pardalari ostiga, yon qorinchalariga, to‘qimalariga va miyachalarga qon quyilishdan yuz berganligi, bu jarohatlar yo‘l-transport hodisasi oqibatida olinganligi va o‘limi kelib chiqishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari toifasiga kirishi aniqlangan.
Sud majlisida sudlanuvchi J.A. o‘ziga nisbatan e'lon qilingan aybga to‘liq iqror bo‘lib, svetoforning yashil chirog‘i yonganligi sababli oldida transport vositalari bo‘lmagani uchun harakatlanishni davom ettirib, piyodalar yo‘lagiga kirib kelgan vaqtida o‘ng tomondan fuqaro X.N. yugurib chiqib qolganini va u tormoz bosganini, lekin to‘xtashga ulgurmay N.X.ni avtomashinaning o‘ng old tomoni bilan urib yuborganini ko‘rgan.
Uning bildirishicha, N.X. bosh qismi bilan avtomashinaning old oyna o‘ng tomoniga urilib, asfalt yo‘liga yiqilgan, ular avtomashinadan tushib N.X.ning oldiga yaqinlashganida, u hushsiz yotgan bo‘lgan.
Shundan so‘ng u N.X.ning boshini tizzasiga qo‘yib o‘tirgani, hech qayerga qochib ketmagani, yonida uyali telefon apparati tushib qolganini ko‘rib, u N.X.ning yaqin qarindoshlariga xabar berish maqsadida shu yerda turgan fuqarolardan biriga ushbu telefon orqali oxirgi terilgan raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishni aytgani, so‘ng tez-tibbiy yordam mashinasi chaqirtirilib, N.X.ni 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga olib ketgani, to‘qnashuv natijasida u va yo‘lovchi N.K. tan jarohatlari olishmaganini bildirgan.
Qayd etilishicha, u hozirda qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, marhumning qarindoshlaridan kechirim so‘rashini, 20 mln. so‘m miqdorida yetkazilgan moddiy zararni qoplaganini ko‘rsatib, suddan unga nisbatan jazo tayinlashda qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud-avtotexnika ekspertizasining 31.01.2019 yildagi 1113/13-sonli xulosasiga ko‘ra, «Lacetti 2» rusumli avtomashina haydovchisi J.A. amaldagi «Yo‘l harakati qoidalari»ning 111-bandidagi «Tartibga solingan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilar svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yongan taqdirda ham piyoda(lar)ga qatnov qismini shu yo‘nalishda kesib o‘tishni tugallashiga imkon berishlari kerak», deb ko‘rsatilgan talablariga so‘zsiz amal qilish yo‘li bilan YTHni oldini olish texnik imkoniyatiga ega bo‘lganligi aniqlangan.
Sud-trassologiya ekspertizasining 01.02.2019 yildagi 1114/13-sonli xulosasiga ko‘ra, «Lacetti 2» rusumli avtomashinada texnik shikastlar aniqlanib, ular vertikal holatda turgan piyoda tanasi bilan to‘qnashib, tanani kapot usti va old oynaga kelib tegishidan kelib chiqqanligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tergovchisining 09.02.2019 yildagi qaroriga ko‘ra, mazkur jinoyat ishining J.A.ga marhum N.X.ning qarindoshlari tomonidan tan jarohati yetkazganlik holati bo‘yicha bir qismi JPKning 84-moddasi 1-qismi 6-bandiga asosan tugatilgan.
Sud majlisida J.A. tomonidan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 77-bandining 1 va 2-qismlari hamda 111-bandi talablari buzilganligi natijasida yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi o‘z isbotini topdi.
J.A. O‘zbekiston Respublikasi JK 266-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
J.A.ga O‘zbekiston Respublikasi JK 266-moddasining 2-qismi bilan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
J.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 72-moddasini qo‘llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini shartli hisoblab, 2 yil sinov muddati belgilandi.
Mavzuga oid
19:25 / 31.10.2024
Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi yana oshirildi
07:30 / 31.10.2024
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:00 / 23.10.2024