12:42 / 10.05.2019
10589

O‘zbekistonda barcha san'at oliygohlari birlashtirilishi mumkin

Foto: konservatoriya.uz

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekiston davlat San'at akademiyasini tashkil etish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, san'at sohalarining o‘zaro uyg‘unligi va hamkorligiga erishish maqsadida barcha san'at oliygohlarini bir ta'lim maskaniga birlashtirish lozim. Teatr, musiqa, rassomlik yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalarining ko‘pligi va ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning sustligi O‘zbekiston san'at sohalarining saviyasiga va kelajagiga salbiy ta'sir qilmoqda. 

“Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, har yili bu oliy ta'lim muassasalarini tugatayotgan mutaxassislar o‘z sohasi bo‘yicha ish topish muammosiga duch kelishadi. Institutlarning birlashishi esa yetishib chiqadigan mutaxassislarning sifatiga ijobiy ta'sir qilib, o‘lmas, durdona san'at asarlarining yaratilishiga, san'at ta'limida yagona markazlashgan boshqaruvning joriy etilishiga, jahon miqyosida o‘z mavqei va o‘rniga ega bo‘lgan ijodkorlar maktabining yaratilishiga xizmat qiladi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Petitsiyada O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti, Milliy rassomlik va dizayn instituti va Xoreografiya oliy maktablarini birlashtirib, ular asosida O‘zbekiston davlat San'at akademiyasini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Top