Jamiyat | 13:06 / 16.05.2019
9343
2 daqiqa o‘qiladi

Chustda OTM filiali ochilishi mumkin

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Namangan viloyati Chust shahrida oliy ta'lim muassasasi filialini ochish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Bildirilishicha, Namangan viloyati markaziga chekka tumanlardan qatnab o‘qiydigan talabalar va ishlaydigan xodimlar juda ko‘p. Ushbu holat bugungi kunda avtomobillarning tirbandligi va viloyat markazida ijara narxlarining qimmatlashuvi kabi qator noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda. 

Qayd etilishicha, hozirda tuman markazlarida ham oliy ta'lim muassasasi filiallarining faoliyatini tashkil etish uchun yetarlicha sharoitlar mavjud. Kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylardan bo‘shagan bino va inshootlardan foydalanish mumkin. 

“Namangan viloyatining Chust shahrida Toshkent davlat texnika universiteti, Namangan davlat universiteti yoki Namangan muhandislik-qurilish institutining filiallarini ochish mumkin. Bu Pop, Chust, Mingbuloq, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on va boshqa yaqin tumanlardagi, qolaversa, Farg‘ona viloyatining chegaradosh tumanlaridagi yoshlar uchun ham ayni muddao bo‘lar edi”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Oliy ta'lim muassasalarining chekka tumanlarda ham filiallari ochilishi hududlarda bilimli kadrlar ko‘payishiga, ishlab chiqarishning yanada rivojlanishiga olib keladi.

“Namangan viloyati Chust tumanida oliy ta'lim muassasasi filialining tashkil etilishi yoshlarning oliy ta'lim olishi, ularning yuqori salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi”, - deyiladi petitsiyada.

Mavzuga oid