Jahon | 21:48 / 19.05.2019
10999
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston bosh vaziri norozilik sifatida mamlakatdagi barcha sudlar binolarini to‘sishga chaqirdi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat aholisini 20 may ertalab barcha sudlar binolariga kirish va chiqish joylarini to‘sishga va uning nutqini kutishga chaqirdi. U bu haqda Facebook’da yozgan.

“Ertalab soat 8:30 respublikaning barcha sudlari binolariga odamlar kira olmasligi uchun ularning chiqish va kirish joylarini to‘samiz. Men soat 12:00da jonli tarzda nutq so‘zlayman”, deb aytgan Pashinyan.

Armaniston bosh vaziri Yerevan sudining hibsda ushlab turilgan sobiq prezident Robert Kocharyanni ozod qilish qaroriga izoh berib, “mamlakatda inqilobning ikkinchi va eng asosiy bosqichi “pishayotganini” aytgan.

Yerevan sudi 18 mayda Kocharyanga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirib, uni tan olinmagan Tog‘li-Qorabog‘ respublikasining sobiq va amaldagi rahbarlari Bako Saakyan va Arkadiy Gukasyanning shaxsiy javobgarligi ostida ozod qilgan.

Armanistonda 2018 yil 19 fevraldagi prezident saylovlaridan keyin bir qator noroziliklar o‘tib, ularning ishtirokchilari Serj Sargsyan yutgan saylovlarning rasmiy natijalaridan norozilik bildirishgan. Noroziliklar respublikaning birinchi prezidenti, o‘shanda prezident lavozimiga da'vogarlik qilgan Levon Ter-Petrosyan tomonidan tashkillashtirilgan.  Namoyishchilarning huquq-tartibot idoralari bilan to‘qnashuvlari davomida 8 namoyishchi va 2 politsiyachi halok bo‘lgan, politsiyaning 33 xodimi shifoxonaga yotqizilgan. O‘shanda shifokorlarga umumiy hisobda 230 ga yaqin odam murojaat qilgan.

2018 yil 8 mayda Armanistonda hokimiyat o‘zgargach, o‘sha voqealar tergovi qayta boshlangan. Bu ish doirasida Kocharyan hibsga olingan.

Mavzuga oid