Undan kim va qanday davriylikda o‘tadi, qaysi tashkilotlar kursni o‘tkazadi, tinglovchilar qanday attestatsiyadan o‘tkaziladi – Vazirlar Mahkamasining 31.05.2019 yildagi 451-son qarori bilan tasdiqlangan nizom ushbu va boshqa savollarga javob beradi.
 
Norma’ning yozishicha, loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan muassasalar kadrlari malakasini oshirish kurslari:

• rahbar va mutaxassislar uchun - Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejyerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida;
• ishchi kasb egalari uchun - Qurilish vazirligi tarkibidagi kasb-hunar kollejlari bazasida tashkil etiladi.
 
O‘qitish qurilishda yuqori texnologik usullarni o‘zlashtirishga va kadrlarning kasb va malaka darajasini doimiy oshirib borishga yordam beradi.
 
Kim malaka oshirishi shart va o‘qitish qanday tashkil etiladi?
 
Loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan davlat korxonalari va ustav kapitalida (fondida) davlat ulushi 50% va undan ortiqni tashkil etuvchi yuridik shaxslarning rahbar va mutaxassislari, ishchi kasb egalari har 5 yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari shart. Boshqa tashkilotlar uchun bu tavsiyaviy tusga ega.
 
O‘z mutaxassislarini o‘qitishga yuborish uchun tashkilotlar har yili 20 noyabrga qadar malaka oshirish muassasasiga tegishli buyurtmanomani topshirishlari kerak. Unda mutaxassisning F.I.O., qachon va qaysi ta'lim muassasasini bitirganligi, ish joyi va staji, lavozimi, oxirgi malaka oshirgan vaqti ko‘rsatiladi. Barcha topshirilgan buyurtmanomalar asosida 10 dan 25 nafargacha tinglovchi bo‘lgan akademik guruhlar tashkil etiladi. Dars berishga yuqori salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar va malakali mutaxassislar doimiy ravishda jalb etiladi. Bundan tashqari, kadrlar, shu jumladan lektorlar xorijiy mamlakatlarda stajirovka o‘tashlari mumkin. Kurs yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlari ikki oy muddatda tasdiqlanadi.
 
O‘qitish shakli – kunduzgi va masofaviy.  Masofaviy kurslarda tinglovchilar dasturni maxsus veb-saytda taqdim etilgan o‘quv-uslubiy materiallar asosida mustaqil ravishda o‘zlashtiradilar. Elektron multimediali qo‘llanmalar, virtual kutubxonalar, videokonferensiyalar, Internet yordamida muloqot va axborot olish imkoniyatlari o‘qitishga ko‘maklashadi. Elektron ro‘yxatdan o‘tish uchun malaka oshirish muassasasi veb-saytida anketani to‘ldirish zarur.