“Banditlar boshqargan ekan-da?” - Javlon Yunusovning Toshkentdagi qurilish loyihalaridan odamlar norozi
Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rilayotgan Javlon Yunusov O‘zbekistonda o‘nlab biznes loyihalarda ishtirok etib kelgan. U ta’sis etgan firmalar qurayotgan ko‘p qavatli turar-joy majmualari mijozlarga kelishilgan muddatda topshirilmagani ma’lum bo‘ldi. Mijozlarga va’da qilingan kvartiralar qurilmagan, ular to‘lagan “pulni qaytarishni va’da berayotgan” sotuv ofislari ayni paytda yopiq. Qurilish, farmatsevtika, ta’lim, mebel ishlab chiqarish va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi o‘nlab firmalarda ta’sischi bo‘lgan Javlon Yunusovning o‘zi esa hozir qamoqda.
Komil Allamjonovga suiqasd tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rilayotgan Javlon Yunusov O‘zbekistonda turar-joy majmualarini qurish, farmatsevtika, ta’lim, mebel ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan kompaniyalarning ulushdori hisoblanadi.
Bir guruh fuqarolar Kun.uz'ga yo‘llagan murojaatlarida Javlon Yunusovga tegishli ekani aytiladigan kompaniya qurayotgan ko‘p qavatli turar-joy majmualari va’da qilingan muddatda topshirilmayotgani haqida so‘z boradi.
“Minor Towers”
Poytaxtning Shayxontohur tumani Labzak mahallasida qad rostlashi kerak bo‘lgan “Minor Towers” qurilishi noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan.
Ushbu majmuani Javlon Yunusov 90 foiz ulushiga egalik qiluvchi "Bir Capital Fund I" MChJ qurayotgan bo‘lgan.
“Georgiy degan yosh direktor bor. U bizni hademay quriladi, yuzimiz yorug‘ bo‘ladi deb aldab yurdi. Nuqul Javlon akam deb uning ismini aytaverardi. “Zapis”larim ham bor. Keyin bilsak, Javlon Yunusov OAVlarda ko‘p chiqayapti-ku, Allamjonovga [nisbatan uyushtirilgan suiqasdga] aloqador ekan. Demak, bu yerda banditlar boshqargan ekan-da? Demak, oldindan bular uyushtirib, odamlarni pulini olib yeb yurmoqchi bo‘lgan insonlar ekan”, – deydi qurilish firmasidan jabrlanganlardan biri.
Mazkur MChJ vakillari o‘z mijozlariga orzudagi “Minor Towers” 25 qavat bo‘lishi, shundan 5 qavatida xizmat ko‘rsatish tarmoqlari joylashishi, 2025 yilning ikkinchi yarmida xonadonlar o‘z egalariga topshirilishini aytgan. Ijtimoiy tarmoqlar orqali aylantirilgan reklamalarda shu kabi va’dalar berilgan.
Fuqarolarning e’tirozlaridan so‘ng, “Minor Towers” rahbari uy qurilishi 2025 yilning oxiriga qadar yakunlanishini ma’lum qilgan. Biroq, hududda qurilish izchil davom etmagan. Ofis markaziga kelib holat bo‘yicha tushuntirish so‘raganlarga tayinli javob berilavermagach, ularning ko‘pchiligi pullarini qaytarib olish harakatiga tushishgan.
“Nasl dahasi”
Javlon Yunusovning o‘z mijozlarini norozi qilayotgan loyihasi faqat shu bilan tugamaydi. Mirobod tumanida Nukus ko‘chasidagi “Nasl dahasi” turarjoy majmuasi bilan shartnoma qilgan va to‘lovlarni amalga oshirgan odamlarga ham berilgan va’dalar bajarilmagan.
Fuqarolarning ta’kidlashicha, Nukus ko‘chasida qurilishi boshlangan “Nasl dahasi” turarjoy majmuasining A, B, C bloklari 2021 yil 31 dekabrda foydalanishga topshirilishi belgilangan edi, lekin ayni paytda ko‘p qavatli uy yashash uchun tayyor emas. Ma’lum bo‘lishicha, 2017 yilda poytaxtning o‘sha vaqtdagi hokimi Rahmonbek Usmonovning qarori bilan shaharning qoq markazidan 4 gektar yer maydoni 2 qavatli uylarni buzish sharti bilan “Adolatli kelishuv” MChJga berilgan. Biroq, eski binolarning yarmi buzilgan, qolganida fuqarolar hamon yashab kelmoqda.
“Shu paytgacha na uydan, na puldan darak bor. Ba’zilar pulini qaytarib olish uchun sudga ariza bergan. Pulni qaytarib berish haqidagi sud qaroriga qaramasdan, haligacha odamlar pulini ololmayapti. Menimcha, korxona hisobida buncha pul bo‘lmasa ham kerak. Yaqinda “Nasl dahasi” uyini qurayotgan “Adolatli kelishuv” MChJning ta’sischisi xalqaro qidiruvdagi Javlon Yunusov ekanini bilib qoldik. O‘tgan yili majlisda u 2023 yil oxirigacha qurilishni bitirib, foydalanishga topshiramiz, xavotir olmanglar deb va’da bergandi”, – deydi uyini ololmayotgan fuqaro.
“Adolatli kelishuv” MChJ vakillari esa, fuqarolarning e’tirozlariga javoban, jamiyatga yangi ta’sischi tayinlanib qolishiga umid bildirgan.
Aytishlaricha, quruvchi “Adolatli kelishuv” MChJ ko‘p qavatli uylar nomini muntazam o‘zgartirib turgan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyatning 100 foiz ulushiga Javlon Yunusovga egalik qiladi.
Kun.uz joyiga chiqib o‘rgangan har ikkala obektda ham ayni damda sotuv ofislari yopiq. Kompaniya vakillarini topishga bo‘lgan urinishlar natija bermadi.
Javlon Yunusovning bizneslari
iHamkor.uz ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Javlon Bahodirovich Yunusov “BIR CAPITAL FUND I” MChJ va “Adolatli kelishuv” MChJlardan tashqari, quyidagi kompaniyalarda ham ulushlarga ega:
- “Max Leather Production” MChJda – 50 foiz;
- “Marxamat Med Pharm” MChJda – 33,33 foiz;
- “Easy – Gazobeton” MChJda – 34,88 foiz;
- “Emu-University” MChJda – 50 foiz;
- “Novoget” MChJda – 29,5 foiz;
- “Dawa Group” MChJda – 75 foiz;
- “Luxemed” MChJda – 50 foiz;
- “Aman Construction Group” MChJ – 100 foiz.
Shuningdek, Yunusov ayni paytda tugatilgan “Building And Decoration” MChJning 33 foizlik ulushdori bo‘lgan.
Koreyadan ekstraditsiya
Javlon Yunusov – Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd ishida asosiy figurantlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. U Janubiy Koreya politsiyasi tomonidan ushlanib, 24 noyabr kuni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Jinoyat ishida undan tashqari yana kamida 6 kishi ayblanayotgani ma’lum.
Suiqasddan qariyb bir oy o‘tib, 23 noyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov lavozimidan olingan edi.
24 noyabr kuni IIV Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahrorjon Adhamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev hamda Toshkent shahar IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirov ham lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi.
25 noyabrda esa Davlat xavfsizligi xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov va bosh vazir yordamchisi Sarvar Ashurov (ular aka-uka) ishdan olingani oydinlashdi.
Mazkur “tozalash”lar Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi bilan bog‘liqligi, bir guruh amaldorlar jinoyatni fosh etishga to‘sqinlik qilib kelgani aytilmoqda.
Mavzuga oid
22:48 / 03.12.2024
Toshkentdagi bir qator maktablarda virusli gepatit bilan kasallanish holatlari aniqlandi
18:33 / 03.12.2024
Toshkentda 4 dekabr kuni elektr ta’minotidan uziladigan hududlar ma’lum qilindi
22:20 / 02.12.2024
«Toshkent - Xojikent» yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qo‘yiladi
15:14 / 02.12.2024