17:00 / 13.06.2019
23582

Rossiya Oliy sudi sudyasi Navoiyning sudya qanday bo‘lishiga oid so‘zlarini keltirdi

Bugun, 13 iyun kuni Toshkentda «O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy sudlov tizimi: zamonaviy holati va rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiya anjumanlari boshlandi. Ushbu konferensiya ikki kun davom etadi.

Konferensiyaning birinchi kuni Interkontinental mehmonxonasida o‘tkazildi. Anjumanda Oliy sud va quyi sudlar sudyalari, Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Advokatlar palatasi, akademiya hamjamiyat vakillari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Avstriya Respublikasi, Armaniston, Belarus Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Ispaniya Qirolligi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Fransiya, Ukraina, Tojikiston, Turkmaniston va AQShdan ekspertlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishning kirish qismida moderatorlikni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov bajardi. Kirish so‘zidan so‘ng Oliy sud raisi Kozimjon Komilov olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarni yig‘ilgan qatnashchilarga tanishtirib o‘tdi.

«O‘zbekiston rivojlanishdagi 16 maqsaddan kelib chiqib, qonun ustuvorligiga ko‘maklashish, hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iboratdir. O‘tgan yil Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha butun dunyo Deklaratsiyasining 70-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Osiyo forumi yakuniy natijalarini amalga tatbiq etish uchun ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi» talabidan kelib chiqib bajarilayotganligini alohida ta'kidlash joiz.

Tub islohotlar natijasida Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudlari birlashtirildi. 71ta tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etildi. Ommaviy-huquqiy munosabatlar va ma'muriy javobgarliklarni ko‘rib chiquvchi ma'muriy sudlar tashkil etildi. Jami 213ta ma'muriy sudlar tashkil etildi», deydi Oliy sud raisi.

O‘z nomi bilan xalqaro anjumanda xalqaro ekspertlardan Matilda Dimovska (BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili), Xans-Ulrix Im (YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori v.b.), Garri Robins (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori) so‘zga chiqdi.

Asosiy yalpi majlisga esa moderatorlikni Deyna Bigan (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID)/Markaziy Osiyo demokratiya, boshqaruv va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi) amalga oshirdi.

Avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Matmuratov nutq so‘zladi. Shundan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi sudyasi Yuriy Ivanenkoga so‘z berildi.

«Atoqli shoir Alisher Navoiy sudya (qozi) shaxsiga nisbatan shunday fikrni aytgan: «Sudyaning yuragi ma'nan toza, uning tafakkuri esa aniq bilimlarga tayanishi kerak. Uning yuragi shaxsiy manfaatlardan xoli, o‘zidan ikkiyuzlamachilikni soqit qilgan bo‘lishi lozim. U har bir insonni odil tarzda sud qilish lozim». Mening fikrimga ko‘ra, shoirning fikrlari odil sudlovning zamonaviy standartlarini o‘zida aks ettirgan», deydi Rossiya Oliy sudi sudyasi.

Shundan so‘ng, «Ma'muriy sudlarda ish yuritish – ommaviy boshqaruvni yangilashning asosiy sharti sifatida» mavzusida O‘zbekiston yuridik universitet rektori Yesemurat Kanyazov nutq so‘zladi.

Xalqaro ekspertlardan Lars Broker (Oliy ma'muriy sud Prezidenti va Rayland-Pfals federal yerining Konstitutsiyaviy sudi prezidenti) va Doktor Eva Vendler (Yevropaning ma'muriy ishlar bo‘yicha sudyalar assotsiatsiyasi vakili) ma'ruzalar qilishdi.

Muhokamalardan so‘ng, yig‘ilishning seksiyalarga bo‘linib muhokama jaryoni boshlandi. Birinchi seksiyada - Sud-huquq islohoti va ma'muriy islohot: vazifalar, solishtiruv, muammolar, istiqbollar va kutilayotgan natijalar muhokama qilinmoqda. Ikkinchi seksiyada - Ma'muriy sudlar tizimi bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan muhokama qilindi.

Birinchi seksiyada Nikolay Savanovich - Belarus Respublikasi;

Shtefan Xanish - Yevropa universitetlararo koordinatori;

Sharl Tubul - Fransiya Respublikasi;

Aybek Davletov - Qirg‘iz Respublikasi Oliy sudi sudyasi muhokamalarda ishtirok etishdi.

Ikkinchi seksiyada Nurjan Joldasbekov - Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi sudyasi;

Begench Xojamkuliyev - Turkmaniston Oliy sudi sudyasi;

Sherbek Inamjanov - ma'muriy ishlar bo‘yicha Olmazor tumani sudyasi;

Fransisko Kordona - yurist va Ispaniyaning davlat boshqaruvi masalalari bo‘yicha xalqaro eksperti;

Tibua Feliks - Fransiya Respublikasi Davlat Kengashining vakili ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top