Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan "Mehribonlik uyi to‘g‘risida"gi Nizomning 2-bandiga ko‘ra, Mehribonlik uyi — yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun davlat tarbiya muassasasidir. Afsuski, hozirgi kunda Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning hammasi ham chin yetim yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar emas.

Yaqinda Oliy sud tomonidan barcha viloyatlardagi Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning ota-onalari, bobo-buvi va yaqin qarindoshlari o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borildi. Ushbu jarayonda bu maskanlarda tarbiyalanuvchilarning 80 foizidan ortig‘ining ota-onasi borligi ayon bo‘ldi.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida joylashgan 4-sonli Mehribonlik uyidagi 108 nafar tarbiyalanuvchining faqat 15 nafarigina chin yetim ekan. Qolgan 84 nafar bolaning ota-onasi, 9 nafarining esa, bobo-buvilari ham borligi aniqlandi.

Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalar uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratib berilgan. Lekin ana shu jajji bolakaylardan har birining tiliga chiqmasa-da, dilining tubida yotgan, ko‘zlarida qalqib turgan bir o‘tli armonni ham payqamaslik mumkin emas. Ya'ni ularga hammasidan muhimi ota-ona mehridir. Ular doim ota-onasini kutib, o‘z uyida, tug‘ishganlari bag‘rida yashashni xohlaydi. 

Shu o‘rinda sud amaliyotida uchragan bir misolga to‘xtalib o‘tamiz. 

Da'vogar — Navoiy shahar xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi Vasiylik va homiylik organi voyaga yetmagan Komil Rustamovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) manfaatini ko‘zlab sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilgan. Arizada Komilning ota-onasi bo‘lmish javobgarlar — Salim Rustamov va Rohila Rustamovani ota-onalik huquqidan mahrum qilish so‘ralgan.

Aniqlanishicha, Salim va Rohila qonuniy nikohdan o‘tib turmush qurgan va qaramog‘ida besh nafar farzandi bor. Ular Vasiylik va homiylik organiga ariza bilan murojaat qilib, 2004 yil 21 iyunda tug‘ilgan farzandi Komilni Mehribonlik uyiga joylashtirishni so‘rashgan.

Navoiy shahar hokimining 2013 yil 4 iyuldagi qaroriga asosan ushbu ariza qanoatlantirilgan. Komil Navoiy shahridagi Mehribonlik uyiga joylashtirilgan.

"Mehribonlik uyi to‘g‘risida"gi Nizomning 13-bandiga ko‘ra, Mehribonlik uyiga kam ta'minlangan, ko‘p bolali oilalarning bolalari, faqat otasi yoki onasi bor bo‘lgan bolalar ushbu oilalarni bir yilgacha muddatda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik qabul qilinadi.