Sport | 12:00 / 30.06.2019
11658
19 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari. Kulibali bolaligi, rasizm, oshxonadagi taktika darsi va Sarrining tentakligi haqida

«Napoli»ning yetakchi himoyachisi Kalidu Kulibali yaqinda 28 yoshni qarshi oldi va balki shu yozda dunyoning eng qimmatbaho himoyachisiga aylanishi mumkin. Manchester klublari, «PSJ», «Bavariya» kabi klublar ushbu futbolchi uchun «ov» boshlashgan va Kulibalining narxi taxminan 100 million yevroga yaqin baholanmoqda. Yaqinda ushbu futbolchi mashhur portali orqali, o‘z hayot hikoyasini muxlislarga havola qildi.

«O‘ylaymanki, bolalar dunyoni kattalardan yaxshiroq tushunadilar. Ayniqsa, boshqa odamlarga qanday munosabatda bo‘lish haqida gap ketganda. Ba'zida odamlar bir savolni intervyularda so‘rashadi va javob berish juda qiyin. Ular: «Kouli, muxlislar sizga nisbatan irqchilik shaklidagi qo‘shiqlarni hirgoyi qilganda o‘zingizni qanday his qilasiz? Sizni bezovta qiladimi? Nima qilish kerak?» – deb so‘rashadi.

Menimcha, buni o‘z tanangizda his qilmaguningizcha, tushuna olmaysiz. Ammo men bu haqida nimadir aytishga harakat qilaman, chunki bu tarbiyaga oid narsa va har bir bolakay buni to‘g‘ri anglashi lozim, deb o‘ylayman.

Avvalo, nafrat haqida gapirishimiz kerak.

Futboldagi irqchilikka ilk bor duch kelganim, bir necha yil oldin, «Latsio»ga qarshi o‘yinda bo‘lgandi. Har safar men to‘pni qabul qilsam, muxlislarning maymunlarning ovoziga xos tarzdagi baqiriqlarini eshitdim. Avvaliga tushunmadim, o‘yinda tanaffus yuzaga kelganda sherigimdan so‘radim: «Ular buni faqat menga qilyaptimi?»

Men avval, maydondan chiqib ketmoqchi bo‘ldim ham, lekin keyin o‘ylab qoldim - nega buni qiladilar? Bu dunyoda qora tanli odam bo‘lish normal holat emasmi?

Shu darajaga yetdiki, hakam bir muddat o‘yinni to‘xtatib qo‘ydi va shovqinlarni to‘xtatishni so‘radi. Muxlislar jim bo‘lishga majbur bo‘lishdi.

O‘yin tugagandan keyin ham jahlim bosilmadi. Maydonni tark etayotib, tunnelga yaqinlashganimda bir narsani eslab qoldim. Uchrashuv boshlanmasidan oldin, mening qo‘limni tutib turgan bolakayga futbolkamni berishni va'da qilgandim-ku, axir. Stadionga qaytib, uni qidirib topdim va futbolkamni yechib berdim. Bilasizmi nima, u menga qarab «sodir bo‘lgan voqealardan afsusdaman» dedi. Kichik bolakay katta odamlar uchun, ularning qilgan qilig‘i uchun xijolatda edi. Yuqorida aytganimdek, bolalar ancha sof bo‘ladi va ular uchun insonlar o‘rtasida farq yo‘q. 

Bu bola ruhidir. Bu dunyoda hozirda yo‘qolgan narsa. Bilaman, bu hodisalar nafaqat teri rangi tufayli sodir bo‘lmoqda. Men ba'zi muxlislar qora tanli bo‘lmagan boshqa jamoadoshlarimga nisbatan ham haqoratli atamalar ishlatishlarini eshitaman. Serbiyalik futbolchilarni «cipslar» deb atashadi, masalan.

Yaxshilik qilishimiz kerak. Bir voqea sodir bo‘ladi, klublar yaxshi bayonot beradi va keyin yana sodir bo‘ladi. Angliyada bu holatlar qanchalik o‘zgarganini ko‘ramiz. Ular to‘g‘ri yo‘ldan borishdi - haqorat qilgan shaxs aniqlaganda uni stadionga kirishdan diskvalifikatsiya qilishadi, tamom. Umid qilamanki, bir kun Italiyada ham shunday bo‘ladi. Lekin, baribir, men bu ishni qiladigan odamlarni ham o‘ylayman - qanday qilib ularni o‘zgartirish mumkin? Jazolab, haqoratlarni to‘xtatish mumkindir, ammo qanday qilib, ularning qalblarini o‘zgartirasiz, shunday o‘ylashdan to‘xtata olasiz?

Buning javobi yo‘q menda. Men faqat o‘z hikoyamni aytib berishim mumkin, xolos.

Ehtimol, ba'zi odamlar menga qaraganda, faqat futbolchi yoki qora futbolchini ko‘rishadi. Lekin men uchun bu yetarli emas. «Agar siz menga do‘st yoki Kouli kabi emas, balki shunchaki futbolchi sifatida qarasangiz, men hayotda ko‘p narsa yutqazibman», – deyman do‘stlarimga.

Fransiyadagi Sen-De deb nomlangan shaharda ulg‘ayganman. U yerda senegalliklar, marokashliklar hamda turklar ko‘p edi. Mening ota-onam Senegaldan kelgan. Dastlab otam keladi. U Parijda hech qanday hujjatsiz to‘qimachilik fabrikasida ishlaydi. Haftada yetti kun. Dam olish kunlari yo‘q. U onamni ham Fransiyaga olib kelish uchun yetarli pulni tejashi kerak edi, shuning uchun besh yil davomida xuddi shunday sharoitlarda ishlaydi. Keyinchalik kichik Kalidou Saynt-Dida tug‘ildi - mening ismim Qur'ondan olingan.

Onam birinchi marta Senegalga qaytib ketganimiz haqida hikoya qilishni yaxshi ko‘radi: men olti yoshda edim va biroz qo‘rqardim. Bu mening ilk bor barcha bobolarim va qarindoshlarim bilan uchrashish edi va bu odamlar dunyoning boshqa chekkasida qanday yashayotganini ko‘rish men uchun biroz shok bo‘lgan. Bolalar hech qanday oyoq kiyimsiz futbol o‘ynab yurishardi va bu meni juda ranjitgandi.

Men doim onamdan do‘kondan butsa olib berishni iltimos qilardim, u yerda esa, bunga hojat qolmadi. «Kalidou, tuflingni yech va ular kabi o‘ynayver», – dedi onam.

Shu tariqa mening futboldagi hayotim boshlandi.

Biz Fransiyaga qaytganimizda ham, mahalladagi kichik maydonchada to‘p tepardik. U yerda immigrantlar ko‘p edi. Biz Senegal bo‘lib, Marokashga qarshi o‘ynaymiz. Keyin Turkiya – Fransiya. Fransiya – Senegal. Har kuni mundial bo‘lib ketardi.

Qo‘shnilarimni qanday tushuntirib bersam ekan... Masalan, onam ro‘zg‘orga biror narsa kerakligini aytsa, hech qachon avval bozorga bormasdim. Qo‘shnilarnikiga kirib, ulardan so‘rardim. Hamma eshiklar ochiq, ular ham xuddi shunday qilardi.

Yoki masalan, o‘rtog‘imning uyiga boraman:

«Salom, Muhammad uydami?»

«Yo‘q, uyda yo‘q edi. Kir uyga, Playstation o‘ynaysanmi?», – deydi onasi.

Bizning uyda Playstation yo‘q edi va men bemalol oyoq kiyimimni yechib, o‘z uyimdek kirib boraveraman. Agar onasiga biror narsa kerak bo‘lib qolsa, «Kalidou, bozorga chiqib falon narsa olib kel» deb ham aytaveradi.

Agar siz ham men kabi muhitda ulg‘ayganingizda, dunyodagi hamma bir-biriga birodar ekanini yaxshiroq his qilardingiz. Biz qora, oq, arab, afrikalik, musulmon, xristian, ha – lekin barchamiz fransuzmiz. Ba'zida och qolamiz va birgalikda turk taomi olib kelib yeymiz. Yoki bir kun biznikiga borib, Senegal taomlarini baham ko‘ramiz. Ha, bizda qandaydir farqlar bor, lekin barchamiz, tengmiz.

Bu dunyoda o‘sganingizda, har biringizni birodaringiz sifatida ko‘rasiz. Biz qora, oq, arab, afrikalik, musulmon, xristian, ha - lekin biz barchamiz fransuzmiz. Hammamiz ochmiz, shuning uchun biz birgalikda turk taomini olib kelaylik. Yoki bu kecha, uyimga borib, Senegal taomlarini yeyaylik. Ha, bizda farqlar bor, ammo barchamiz teng.

2002 yilgi jahon chempionatida, esimda, biz Fransiya va Senegal o‘rtasidagi o‘yin paytida maktabga borishimiz kerak edi. Turnir Yaponiyada bo‘lib o‘tgani uchun, vaqti bizga biroz noqulaylik tug‘dirardi.

Qanday ko‘ramiz o‘yinni?

Ustozimiz bizga: «Qani, har kim o‘z kitoblarini ochsin», deyapti.

Biz kitoblarimizni ochdik, lekin xayol joyida emas. Hech kim dars haqida o‘ylamas, fikrimiz Anri, Zizu, Diuf haqida bilan band edi.

Ikki daqiqa o‘tdi. Uch daqiqa o‘tdi. Ustozimiz soatiga qaradi-da, o‘rnidan turdi: «O.K., qani hamma kitobini yopsin».

Nimalar bo‘lyapti? U nima qilmoqchi?

«Hozir biz ta'limga oid film tomosha qilishimiz kerak edi, ammo ishonchim komilki, sizlar uchun bu zerikarli bo‘lsa kerak  – u shunday dedi-da, televizorni burab, futbol bo‘layotgan kanalga qo‘ydi – hech kimga aytmaysizlar, xo‘pmi?».

Bu hayotimning eng ajoyib daqiqalaridan biri edi. Sinfda 25 nafarmiz - turklar, marokashliklar, senegalliklar, fransuzlar - biz barchamiz birga o‘yinni tomosha qildik. Senegalning g‘alabasidan so‘ng, uyga qaytib, senegallik o‘rtoqlarimning ko‘chada raqs tushayotganini yaqqol eslayman.

Siz hayotingizda hamma narsaga ega bo‘lishingiz mumkin – juda ko‘p pulingiz bo‘lishi, chiroyli mashinalarning egasi bo‘lishingiz mumkin,  lekin siz uchta narsani sotib olmaysiz: do‘stlik, oila va tinchlik. Bu hayotdagi eng muhim narsalardir.

Ota-onam futbolga umuman qiziqishmaydi, biror marta stadionga borishmagan, lekin ular menga o‘rgatgan mana shu oddiy haqiqatlar yakunda futbolchi bo‘lib yetishishimda muhim ahamiyat kasb etgan, menimcha.

Belgiyada «Genk»da o‘ynab yurganimda, qiziq voqea bo‘lgandi. Do‘stim Ahmad bir necha kunga biznikiga mehmonga kelishi kerak edi. Uni kutib olgani vokzalga chiqdim. Birdan notanish nomerdan telefonim jiringladi.

«Salom, kim bu», – deyman men.

«Salom, bu - Rafa Benites»

«Ahmad, men bilan hazillashma, seni qanchadan beri kutib o‘tiribman, qayerdasan?»

«Men Rafa Benitesman»

«Bas qil»

Telefonni o‘chirib qo‘ydim. Qayta jiringladi.

«Bo‘ldi, qil, qayerda turibsan?»

«Salom, men Rafa Benites...»

Telefonni yana o‘chirdim, keyin esa, agentim telefon qilib qoldi.

«Kouli nimalar qilyapsan, senga boyadan beri «Napoli»dan Rafa Benites telefon qilyapti?!»

Agentim Rafaga telefon qilib, tushunmovchilik bo‘lganini aytdi, murabbiy menga qayta ulandi, men esa, hech narsa bo‘lmagandek, gaplashib ketdim: «Salom, Rafa! Bonjour! Hola! Salom» – ko‘p til bilsang, yaxshi-da...

Biz u bilan fransuz tilida gaplashdik. U menga juda ko‘p savollar berdi – sevgan qizim bormi, o‘tirishlarga ko‘p chiqamanmi, Neapolni, u yerdagi futbolchilarni bilamanmi...

«Xo‘o‘sh, janob... Hamshikni bilaman», – dedim.

Rostini aytganda, Neapolni, u yerning futboli haqida ko‘p narsa bilmasdim. Lekin Rafa Benitesni juda yaxshi tanirdim. Uning men haqimdagi fikri, gaplari yaxshi taassurot qoldirdi. Agentimni chaqirib, nima qilish kerak bo‘lsa, amalga oshirishni so‘radim. Biz Neapolga ketdik.

Qishki transfer oynasi yopilishiga 48 soat qolgandi. «Napoli» «Genk» bilan kelishishga ulgurmadi, lekin Rafa so‘zida turdi va yozda meni o‘z jamoasi safiga qo‘shib oldi.

Italyanchani bilmaganim uchun biroz asabiy edim boshida. Eslayman, koridorda klub boshlig‘i janob De Laurentis bilan qarshi kelib qolgandim.

«Oh, siz Kulibalimisiz?» – deb kulib so‘radi u.

«Ha, men Kulibali» – javob berdim.

«Lekin uncha baland ko‘rinmayapsiz, 1,92 metr emasmidi bo‘yingiz?»

«Yo‘q, janob prezident, mening bo‘yim 1,86»

«Nima? Hamma joyda sizni 1,92 sm ekanligingizni aytib kelishdi-ku? Hozir «Genk» bilan gaplashaman-da, pulni kamaytiraman»

«Yaxshi, janob prezident, lekin siz to‘liq summani to‘lang. Men esa, har bir santimetrni sizga qaytarib berishga kafolat beraman, xavotir olmang».

Men juda jiddiy ko‘rindim shekilli, u kulib yubordi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tganimdan so‘ng, Rafa bilan tushlikka bordik. Ovqat kutib o‘tirsam, murabbiy boshqa stollardagi stakanlarni yig‘ishtirib olib kelyapti. Nima qilmoqchi o‘zi?

Stakanlarni futbolchilar kabi joylashtirib chiqib, menga taktikani tushuntira boshladi. Qanday o‘ynashim, qayerda turib, qayerga yugurishim kerakligini gapira ketdi. Xo‘p, xo‘p, deb turdim.

Keyin videoxonaga kirdik. Mening o‘yinlarimdan yig‘ilgan videolavhalarni qo‘yib berdi. Ajoyib driblinglar, paslar, podkadlar. Juda yoqdi.  

«Mana bu joyda yaxshi o‘ynadingmi?»

«Ha» – deyman men.

«Endi bunday qilma»

«Iye, janob, axir to‘pni qaytarib olib qo‘ydim-ku?»

«Lekin jismoniy kuchliroq bo‘lganing uchun shunday, agar aqlliroq raqib bo‘lganida, senda muammo bo‘lardi».

Keyin boshqa lavhalarni ko‘rsatdi – bu yerda ham men, faqat oddiy harakatlar.

«Bu yaxshi, juda yaxshi»

«Bu juda oddiy-ku?»

«Lekin juda aniq».

Bu suhbat mening Italiyada o‘rgangan tajribamni yaqqol namoyon qiladi. Bu yerda taktikaga juda jiddiy e'tibor berishadi. Shuningdek, men ham, oilam ham haqiqiy neapollikka aylandik. Hozir Fransiyaga borsam, do‘stlarim «fransuz» yoki «senegallik» deyishmaydi, «oho, neapolliklar kelibdi-ku», deb kutib olishadi.

Neapol – odamlarni sevadigan shahar. Bu yerdagi iliqlik qaysidir jihatdan menga Afrikani eslatadi. Odamlar sizga past nazar bilan qarashmaydi. Doim siz bilan gaplashmoqchi bo‘lishadi. Meni yaxshi ko‘rishadi, qo‘shnilarim «o‘g‘lim» deb murojaat qilishadi. Umuman bu yerda boshqa odamga aylanib qolgandekman.

Yana bir qiziq xotira – o‘g‘limning tug‘ilishi. Men bu kunni hech qachon unutmayman, chunki bu o‘sha «Napoli»ning, uning murabbiyi Sarrining naqadar «tentak»ligini ochib beradi.

Biz «Sassuolo»ga qarshi o‘ynashimiz kerak edi va videotahlil paytida telefonim jiringladi. Men odatda telefonni o‘chirib qo‘yaman, ammo xotinim homilador bo‘lgani uchun xavotirlanib, yoniq qoldirgandim. Besh-olti marta qo‘ng‘iroq bo‘ldi.

Maurisio Sarri – juda qattiqqo‘l murabbiy. Qo‘rqib, telefonga javob bera olmadim. Dars tugashi bilan yugurib tashqariga chiqdim va xotinimga qo‘ng‘iroq qildim – dardi boshlangan ekan.

«Janob, uzr, lekin hoziroq ketishim kerak. O‘g‘lim tug‘ilmoqda!»

«Yo‘q, yo‘q, bugungi o‘yinga menga keraksan Kouli, ruxsat bermayman» – deb menga nigohlarini qadaydi Sarri.

«Axir bu o‘g‘limning tug‘ilishi, janob. U yerda bo‘lishim shart, nima desangiz keyin, shuni qilaman, lekin iltimos, ketmoqchiman»

Oxiri Sarri ko‘ndi.

«Xo‘p, shifoxonaga bor, lekin kechqurun o‘yinga yetib kelishing shart, bugun menga keraksan, Kouli».

Klinikaga imkon qadar tez yetib bordim. Agar sizga hali otalik baxti berilmagan bo‘lsa, buni his qila olmaysiz. Peshindan keyin, Xudoga shukrki, soat 1:30da kichik neapollik bolakay dunyoga keldi. Biz uni Seni deb nomladik. Hayotimdagi eng baxtli lahzalar...

Soat to‘rtda Sarri telefon qildi. Aytyapman-ku, uning aqli joyida emas. G‘irt tentak. «Kouli, qaytyapsanmi? Menga keraksan. Albatta kelishing kerak, iltimos».

Xotinim hali ham to‘liq hushiga kelgani yo‘q, men uning yonida turishim kerak, lekin jamoamni ham xafa qilishni istamadim. Axir ularni yaxshi ko‘raman, Neapolni yaxshi ko‘raman. Nihoyat xotinimdan ruxsatni olib, stadionga uchdim. Shunday qilib, o‘ynashga tayyorman, kelaver, Sarri.

Murabbiy yechinish xonasiga kirdi va asosiy tarkib tushirilgan varaqni stol ustiga qo‘ydi. Izlayapman, izlayapman... men yo‘qman. Tavba. Mening raqamim yo‘q.

«Janob, hazillashyapsizmi?»

«Nima? Bu mening tanlovim, nega qarshilik qilasan?»

«Axir janob, o‘g‘lim, ayolim, men ularni tashlab keldim-ku, endi kerak emasmanmi? Nega chaqirdingiz?»

«Ha, zaxira o‘rindig‘ida keraksan-da», – dedi Sarri xotirjam.

U meni skameykaga qo‘ydi!

Hozir shuni eslasam, kulgili tuyuladi, lekin ayni o‘sha paytda yig‘lamoqdan beri bo‘lgandim.

Xullas...

Ehtimol, endi men haqimda ko‘proq bilasiz.

Men futbolchiman, ha.

Qora futbolchiman.

Lekin shugina emas, men musulmonman, senegallikman, fransuzman, neapolitanman. Otaman.

Men butun dunyoda bo‘ldim, ko‘pgina tillarni o‘rgandim, bu tillar menga ko‘p eshiklarni ochdi. Ko‘p pul topaman, baxtliman. Lekin o‘sha uch muhim darsni yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.

Bu dunyoda uchta narsa bor: siz do‘stlik, oila va xotirjamlikni sotib olishingiz mumkin emas.

Buni biz Sen-Dedagi bolalar bo‘lganimizdayoq tushunganmiz, deb o‘ylayman va o‘g‘lim ham shunday o‘ylashini istayman. Umid qilaman.

Ehtimol, to‘g‘ri, biz boshqachamiz. Lekin siz bilan birodarmiz»

Kalidu Kulibali/ThePlayersTribune

Mavzuga oid

E`lonlar