Tarixdagi uchinchi skudetto

Hozir Neapol — yer yuzidagi eng baxtiyor zamin va u yerda paydo bo‘lish — butun umrga tatiydigan taassurotlar qoldiradi. «Napoli»ning «Udineze» bilan o‘yindagi durangidan keyin Yevropaning eng jo‘shqin shaharlaridan birida juda uzoq davom etadigan dabdabali oqshomlar start oldi.

Fabio Kapello qachondir shunday degandi: «Roma» bilan skudettoni qo‘lga kiritsang, Rim buni bir yil davomida bayram qiladi; «Milan» bilan esa bayramlar bir haftaga cho‘ziladi; «Yuventus» bilan skudettodan keyingi kuni ofisda odatiy ish kunida bundan keyin nima qilish haqida so‘raladi. Bu klublar va ular sharafini himoya qiladigan shaharlar mentalitetini yaqqol namoyon etuvchi hikoya. Shunday ekan, Neapolda bayramlar qanchalik uzoq va qanchalik shovqin-suron bilan davom etishini faqat tasavvur qilish mumkin.

Chempionlik hal bo‘lgan kuni «Napoli» mehmonda o‘ynaganiga qaramay, muxlislar uy stadionida ham chipta sotib olib, tribunalarni to‘ldirishdi. Monitor orqali ko‘rilgan Osimhenning golini mana shunday nishonlashdi.

G‘alabaning otasi ko‘p bo‘ladi. Bu siyqasi chiqqan ibora, ammo bundan aniqroq ifodalaydigan so‘zlar yo‘q. Ba’zida jamoalar faqat bir mavsum porlaydi va keyin yana natijalari pasayib ketadi, lekin neapolliklar bilan ro‘y bermasligi tayin, chunki «Napoli»ning chempionligi — yakka qahramonning g‘alabasi emasligi aniq. Bu Diyego Maradona davridagidan butunlay boshqacha hikoya.

Ammo agar kimnidir ajratib ko‘rsatish kerak bo‘lsa, bu birinchi navbatda «Napoli» prezidenti Aurelio De Laurentisdir. Bu barchasini o‘zgartirgan inson. 2004 yil 22 iyuni — neapolitanliklar tarixidagi so‘nggi kun bo‘lib qolishi mumkin edi. Klubning o‘sha vaqtdagi prezidenti Salvatore Naldi bankrotlik e’lon qiladi va bu o‘z o‘zidan «Napoli»ning tugatilishiga olib kelardi. Shundan keyingi ikki yarim oy mojarolar, xaos va mavhumlik ichida o‘tadi. Sentyabr oyi boshida esa De Laurentis 29 million yevro to‘lab klubni sotib oladi va bu klub yangi mavsumni S1 seriyasidan boshlaydi.

Aurelio De Laurentis (chapda)
Alessandro Sabattini / Getty Images