O‘zbekiston | 11:30 / 18.07.2019
9774
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda stajyor-tadqiqotchilik instituti tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim institutiga tayyorlov bosqichi sifatida stajyor-tadqiqotchilik institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida 2019 yilning 1 sentyabridan boshlab Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim institutiga tayyorlov bosqichi sifatida ikki yillik stajyor-tadqiqotchilik instituti tashkil etilishi mumkin.

Stajyor-tadqiqotchilik instituti to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining buyurtmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2020 yilgi parametrlari doirasida va 2020 yildan boshlab, har yili stajyor-tadqiqotchilik institutining joriy faoliyati xarajatlarini qoplash uchun zarur mablag‘lar (shu jumladan Fanlar akademiyasi uchun 100 tadan kam bo‘lmagan o‘rin) ajratilishini nazarda tutadi.

Nizomga ko‘ra, stajyor-tadqiqotchilar instituti huzurida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim instituti mavjud bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida tashkil etiladi.

Stajyor-tadqiqotchilar institutiga qabul qilinayotgan nomzod magistrlik yoki mutaxassislik dasturlari bo‘yicha olingan oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lishi lozim.

Tasarrufida OTM yoki ITM bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar har yili 1 iyungacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar tayyorlash zaruriyatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tayyorlov bosqichiga kvota ajratish masalasida asoslangan takliflar bilan murojaat qiladilar.

Vazirlik, idora va tashkilotlar bo‘yicha qabul kvotasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi va har yili 1 iyuldan kechikmasdan tegishli ravishda tasarrufida OTM va ITM bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlarga yuboriladi.

Vazirlik, idora va tashkilotlar idoraviy mansub OTM va ITM bo‘yicha ehtiyojdan kelib chiqib kvotani taqsimlaydi.

Vazirlik, idora va tashkilotlar tasdiqlangan kvotani tasarrufidagi OTM va ITMlarga har yili 1 avgustgacha yetkazadilar.

Hujjatlar stajyor-tadqiqotchilikka nomzodlardan OTM va ITM qabul komissiyasi tomonidan har yili 15 avgustgacha bo‘lgan davrda qabul qilinadi.

OTM va ITMlarda rektor (direktor) raisligida qabul komissiyasi tuziladi. Qabul komissiyasi a'zolari rektor (direktor) tomonidan ixtisoslik bo‘yicha olimlar orasidan tayinlanadi.

Stajyor-tadqiqotchilikka nomzodlar OTM yoki ITMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

- ariza;
- qisqacha biografik ma'lumotnoma;
- mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotganlar uchun);
- oliy ta'lim muassasasi magistraturasi yoxud oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
- nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati, ularning nusxalari.

Stajyor-tadqiqotchilikka nomzodlar OTM yoki ITMning qabul komissiyasi tomonidan ixtisoslik bo‘yicha suhbatdan o‘tadilar.

Stajyor-tadqiqotchilikka qabul uchun suhbat har yili 20-25 avgust davrida o‘tkaziladi.

Stajyor-tadqiqotchilikka kiruvchi talabgorlarning suhbat natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi tomonidan 25 avgustgacha bo‘lgan muddatda qaror qabul qilinadi.

Stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilish OTM rektori yoki ITM direktori buyrug‘i bilan har yili 25 avgustgacha bo‘lgan muddatda amalga oshirilib, tayyorlov bosqichi 1 sentyabridan boshlanadi.

Tayyorlov bosqichiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqda stajyor-tadqiqotchining ixtisosligi bo‘yicha OTM kafedrasi yoki ITM tegishli laboratoriyasi (bo‘lim)ga biriktirilishi belgilanadi.

Stajyor-tadqiqotchilar OTM kafedrasi yoki ITM laboratoriya (bo‘lim) ilmiy-tadqiqot rejalari bo‘yicha ish olib boradilar.

Stajyor-tadqiqotchi har yarim yilda biriktirilgan OTM kafedrasi, ITM laboratoriyasi (bo‘lim)da qilgan ishlari to‘g‘risida hisobot beradi, yil yakunida attestatsiyadan o‘tkazilib, attestatsiya natijalariga ko‘ra keyingi bosqichga o‘tkaziladi.

Tayyorlov bosqichiga qabul qilingan sanadan boshlab stajyor-tadqiqotchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 18 avgustdagi 233-sonli “Ilmiy xodimlar mehnatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oylik maosh to‘lanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid