Jahon | 08:01 / 22.07.2019
5973
2 daqiqa o‘qiladi

Hongkongda noma'lum kimsalar namoyishchilarni kaltaklagani ma'lum qilindi 

Foto: REUTERS

Hongkongda shahar markazidagi ommaviy namoyishdan metroda qaytayotgan namoyishchilarga noma'lum kimsalar kaltaklar bilan hujum qildi. Oqibatda 36 kishi jarohat olgan, deb xabar berdi RTHK radiostansiyasi.

Voqea shaharning Xitoy bilan chegaradagi chekka tumanida joylashgan Yuen Lun stansiyasida yuz bergan. Norozilik namoyishlaridan qaytayotgan qora kiyimdagi faollarga yuzlarida oq niqob bo‘lgan bir guruh odamlar hujum qilgan. Jabrlanganlar orasida OAV vakillari va muxolif Demokratik partiya deputati bo‘lgan. 

Guvohlarning ta'kidlashicha, politsiya voqea joyiga juda kech – chaqiruvdan 2 soatgina keyin yetib kelgan. Ba'zi taxminlarga ko‘ra, hujumni mahalliy jinoiy to‘dalar - triadalar a'zolari sodir etgan bo‘lishi mumkin. Hongkong hukumati ushbu hujumni va namoyishchilarning shahar markazidagi radikal xatti-harakatlarini qat'iyan qoralagan.

21 iyulda Hongkongda hukumatga qarshi navbatdagi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilarning bir qismi hukumat bilan avvaldan kelishilgan yo‘nalishdan og‘ib, Xitoy markaziy hokimiyatining Hongkongdagi ofisi tomon yo‘l olgan. Ular ofis binosiga tuxumlar uloqtirishgan, uning devorlarini bo‘yoqlar bilan bejashgan. Politsiya radikal namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan.  

Mavzuga oid