12:29 / 24.07.2019
11250

Huawei yangi noutbukini taqdim etdi. U ingichka, yengil va deyarli ramkalarsiz

Huawei ikki yangi smartfon va fitnes-braslet bilan birgalikda Honor MagicBook Pro noutbukini ham taqdim etdi.

U deyarli ramkalardan xoli bo‘lgan 16,1-dyuymli ekran bilan ta'minlangan. Shuningdek, uskuna o‘ta yupqa va yengil bo‘lib, ishlash qobiliyati yuksak darajada.

IPS-matritsa sRGB ranglar maydonini 100 foiz qamrab oladi. Chap va o‘ng ramkalarning kengligi atigi 4,9 mm. Noutbukning o‘zi 1,7 kg og‘irlikda — bu  MacBook Pro'ga qaraganda 130 grammga yengil.

Honor MagicBook Pro'ning nisbatan qimmatroq konfiguratsiyasi sakkizinchi avlod Intel Core i7 protsessori bilan jihozlangan, bu yettinchi avlod analogidan 40 foiz tezroq ishlaydi. Asosiy versiyada Intel Core i5 protsessori o‘rnatilgan. Ikki modelning ichki tuzilmasi — 8 GB tezkor xotira, 512 GB hajmdagi SSD-disk va GeForce MX250 diskret videokartasi.

Akkumulyator sig‘imi 56 Vt·s'ni tashkil etadi: noutbuk bir to‘ldirishda 14 soatgacha ishlaydi. Klaviaturada orqa nur mavjud va klavishlarning orqa yuqori qatorida tortib olinadigan kamera joylashgan.

Honor MagicBook Pro 29 iyulda Xitoy bozorlariga chiqadi. Intel Core i5 versiyasi 800 AQSh dollar, Intel Core i7 esa 900 dollar narxida.

Avgust oyida 16 GB tezkor xotira va 1 TB SSD'li oxirgi versiya taqdim etiladi — uning bahosi 1 160 AQSh dollari bo‘lishi ta'kidlangan.

Mavzuga oid
Top