Jamiyat | 19:43 / 25.07.2019
3355
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan 1,5 milliarddan ortiq ma'lumotlar raqamlashtirilmagan - DXM

25 iyul kuni Oliy Majlis Senatida Sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Adliya vazirligining joriy yil ilk olti oyligida qilgan ishlari to‘g‘risida hisoboti tinglandi. Unda Davlat xizmatlarini joriy qilish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Maxmud Abdijaliyev DXMlar faoliyatida duch kelinayotgan to‘siqlar to‘g‘risida gapirdi.

«Bizning oldimizda ko‘ndalang turgan vazifa – davlat xizmatlarida inson omilini kamaytirish. Barcha vazirlik, tashkilotlarni raqamli tizimga o‘tkazishimiz kerak. FXDYo organlarini inventarizatsiya qilganimizda, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan 1,5 milliarddan ortiq ma'lumotlar onlayn tizimga o‘tkazilmagani aniqlandi. Ichki ishlar vazirligining sudlanganlik to‘g‘risidagi ma'lumotlarini olish qiyinchilik tug‘dirardi. Hozir muammo hal bo‘ldi. Ayni vaqtda 100dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, 58ta idoraning ma'lumotlar bazasi raqamlashtirilishi kerak. Bu masala mablag‘, xodimlar shtati, arxivga borib taqalyapti. Buning natijasida fuqarolarning ishi sekinlashyapti. Aybdor biz bo‘lib qolyapmiz. Mana shu masalada bizga yordam berishingizni so‘rayman», deya Qo‘mita rahbariyatiga murojaat qildi Abdijaliyev.

Abdijaliyevning so‘zlariga ko‘ra, tarmoq raqamlashtiriladigan bo‘lsa, qo‘mita tanqid qilayotgan kadrlar muammosi hal qilinadi. Yuqorida aytilganidek, buning natijasida, inson omili kamayadi va avtomatlashtirilgan tizim ish boshlaydi.

Mavzuga oid