Jahon | 18:44 / 25.07.2019
13595
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya agarda AQSh bilan kelisha olmaydigan bo‘lsa, Suriyada yangi operatsiya o‘tkazish bilan tahdid qildi

Foto: AFP 2019 / Omar Haj-Kadour

Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar Suriyada xavfsizlik hududi tashkil etish bo‘yicha AQSh bilan kelisha olmaydigan bo‘lsa, ushbu mamlakat shimolida yangi operatsiya boshlanishini ma'lum qildi.

Dushanba kuni Anqarada AQShning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Jyeyms Jyeffri boshchiligidagi delegatsiya Xulusi Akar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

"Biz AQSh delegatsiyasiga barcha takliflarimizni taqdim etdik. Ular takliflarimizni o‘rganishi va zudlik bilan javob berishini kutyapmiz. Vaqt cho‘zilishini kutib tura olmasligimizni va zarur bo‘lsa tashabbusimizdan foydalanishimizni yana bir bor ta'kidladik",- deya Akarning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Anadolu agentligi.

Avvalroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu AQShning Suriyada xavfsiz hudud tashkil etish bo‘yicha yangi taklifi Turkiyani qoniqtirmasligini aytgandi. U Turkiyaning "sabri tugab borayotganligini", ta'kidlab, "agarda kelishuvga erishilmasa", Turkiya o‘zi mustaqil harakat qilishini aytgandi.

Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an agarda AQSh suriyalik kurdlarning mudofaa kuchlarini Frot sharqi va Manbijdan olib chiqib ketmasa, Anqara operatsiya boshlashga tayyorligini bildirgandi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid