08:08 / 08.08.2019
41682

Xalq manfaatlariga xizmat qilish - oliy burch

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2018 yil 23 avgustdagi «Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tizimida alohida ixtisoslashgan ta'lim muassasasi – Malaka oshirish instituti va Vazirlikning barcha akademik litseylarida uning filiallari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan qisqa davr mobaynida Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan joylarda o‘tkazilgan o‘quv yig‘inlarida 12 mingdan ortiq xodimlar qatnashib, o‘z malakasini oshirdi.

Ayni kunlarda Institut tomonidan Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining jinoyat-qidiruv bo‘limlari boshliqlari, xavfsiz turizmni ta'minlash xizmati, navbatchilik qismi inspektorlari uchun malaka oshirish sayyor o‘quv yig‘inlari o‘tkazilmoqda.

O‘quv yig‘inlarida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

– Mashg‘ulotlar davomida nazariy bilimlarimizni mustahkamlab, amaliyotga uchrayotgan ba'zi muammoli holatlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdamiz, – deydi Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta surishtiruvchisi, mayor Anjyelika Ibadova. – O‘quv yig‘inlarida nazariy bilimlarimni yanada mustahkamlab, ish jarayoniga hozirgi zamon talablari muvofiq holda yondashib, tergov harakatlarini yanada sifatli o‘tkazishga harakat qilaman. Tergovchi xizmat vazifasiga sidqidildan yondashishi kerak, uning adashishga haqqi yo‘q. Chunki jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan insonlarning qilmishlariga odilona yondashib, oqilona va adolatli xulosa qilishi kerak. Buning uchun yuqori bilim, ko‘nikma va tajriba har birimizga as qotadi, deb o‘ylayman.

Aholining tinch va osoyishta hayotini ta'minlash, jamiyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, xavfsizlikka tahdidlarni «o‘ziniki va o‘zgalarniki» deb ajratish tuyg‘usidan voz kechish, huquqbuzarliklarni sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz xonadon» kabi loyihalarni ijtimoiy hayotga tatbiq etish kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda natijadorlikka erishish ko‘p jihatdan xalq bilan samarali muloqotni o‘rnatishga bog‘liq.

Ushbu ustuvor vazifalarning dolzarb ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, Institut professor-o‘qituvchilari joylarda o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlari doirasida mahallalarda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini va ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar o‘tkazishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Jumladan, so‘nggi ikki oy davomida respublikamizning turli hududlarida joylardagi ichki ishlar organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarni faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar bilan hamkorlikda qariyb 100 ga yaqin mahallalarda «Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak», «Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashning muhim sharti», «Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz», «Osoyishtalik uchun barchamiz mas'ulmiz», «Mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda jamoatchilikning roli», «Oilalar tinchligi – barqarorlik omili» kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlarda aholining mahalliy ahamiyatga molik dolzarb muammolarini eshitishga hamda ularni hududiy ichki ishlar organlari hamda boshqa mas'ul davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bartaraf etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ayni kunlarda ushbu ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar Institut jamoasi tomonidan Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi mahallalarda ham o‘tkazilmoqda.

– Mahallalarimizda tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash faqat ichki ishlar organlariga yuklatilgan vazifa deb emas, bunga barchamiz birdek mas'ul bo‘lishimiz kerak, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Kogon shahar raisi o‘rinbosari Hamro Qurbonov. – Bugungi ma'naviy-ma'rifiy tadbirda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan tinchlikning qadriga yetish, uni saqlab qolish uchun qanday ishlarni amalga oshirish kerakligi, mahallada yashovchi har bir fuqaro bunga mas'ul ekanligini, hamjihatlikda amalga oshirish kerak bo‘lgan tadbirlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi, ularga mahalla faollari nomidan minnatdorchilik bildiraman.

– Mahallamizda 5 mingga yaqin aholi ahil yashashadi, – deydi Samarqand viloyati Jomboy tumani “Nayman” mahallasi raisi Nazira Mardonqulova. – Mahalladagi ko‘ngilsizliklarni oldini olishda jamoatchilik o‘z ta'sirini ko‘rsatib boradi. Bugun IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari mahallamizga kelib, tinchlikning qadriga yetish, oilalar va mahalla osoyishtaligi yurt tinchligini ta'minlovchi mezonlar ekanligini misollar bilan tushuntirish berishdi.

Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg‘iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylarning holidan xabar olish an'anaga aylanib bormoqda.

– Men 1946 yilda Qozog‘iston Respublikasi Toldiqo‘rg‘on viloyatida tug‘ilganman, – deydi Kogon shahar “Arabxona” mahallasida yashovchi, 2-guruh nogironi Alla An. – 14 yoshimda O‘zbekistonga ota-onam bilan ko‘chib keldim, turmushga chiqdim, 3 nafar qiz farzandli bo‘ldim, turmush o‘rtog‘im erta vafot etdi, uzoq yillar Kogon tumani telegrafida ishlab, yolg‘iz o‘zim uch nafar qizni o‘qitib, voyaga yetkazdim. Katta qizim bolalikdan ruhiy xasta, ikkinchi qizim turmushga chiqmagan, hozirgi kunda Rossiya davlatida ishlaydi, uchinchi qizim turmush o‘rtog‘i bilan ajrashib, 4 nafar farzandi bilan ko‘chib kelib men bilan birga yashayotgan edi, kuni kecha shahar hokimligi unga Kogon shahridan ijtimoiy uydan bir xona ajratdi. Bunday g‘amxo‘rlik qaysi yurtda bor, avvalo Prezidentimizga rahmat aytaman, shunchalik men singari qiynalgan, nogironlarga katta e'tibor qaratmoqda.

Men O‘zbekistonni juda sevaman, chunki, xalqi mehnatkash, mehmondo‘st. Mahallamizga xizmat ko‘rsatuvchi profilaktika inspektori kapitan Shuhrat Cho‘lliyevni mahalla ahli juda hurmat qiladi, chunki u doimo xalqning ichida, qo‘lidan kelgunicha xalqdan yordamini ayamaydi, u har kuni bizning oiladan xabar oladi, shuning uchun men uni o‘z o‘g‘limday yaxshi ko‘raman. Mana bugun bir qator ichki ishlar organlari xodimlari uyimga tashrif buyurishdi, keyin bilsam, ular poytaxtimizdan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining professor-o‘qituvchilari ekan, ular men bilan suhbat qurib, hol-ahvol so‘rashib, muammolarim bilan qiziqishdi, kayfiyatimni ko‘tarishdi, men bundan juda xursand bo‘ldim, ularga yurtimiz tinchligini saqlashdek sharafli vazifa yuklatilgan, uni bajarishda, ulkan zafarlar tilayman.

Ikki qo‘ltiq tayoqqa suyanib, bazo‘r qo‘shnisinikidan chiqib kelayotgan, Jomboy tumani “Nayman” mahallasida yashovchi, 79 yoshli onaxon Norbi To‘raqulova, eshigi oldida turgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarini ko‘rib, hayratini yashira olmadi. IIV Malaka oshirish instituti katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Abdulla Badalxo‘jayevning “Sizni ko‘rgani keldik”, degan so‘zidan onaxonning ko‘zlariga yosh keldi.

– Qarilik qursin bolalarim. Buning ustiga kasalvand bo‘lib qoldim. Siz kabi Vatan himoyachilari, tinchligimiz va osoyishta hayotimizni ta'minlovchi vatanparvar insonlar vaqt topib kelganingiz uchun minnatdorman. Sizdek xalqparvar insonlarning amalga oshirayotgan ishlari albatta yoshlarga o‘rnak bo‘ladi. Atrofingizga qarang mahallamiz bolalari hayron bo‘lib qarab turishibdi. Ular esa siz kabi samimiy insonlardan o‘rnak oladi. Buning uchun Yurtboshimizga, Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga rahmat aytaman. Zero, keksalari e'zozlangan yurtning kelajagi buyuk bo‘ladi.

Eng muhimi, institut professor-o‘qituvchilari ushbu oliyjanob ishlarga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan har bir xodimning hissa qo‘shishi kelajakda sohani xalqparvar tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishi joylarda o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlarida ham tushuntirib bermoqdalar.

Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o‘quv yig‘inlari, mahallalarda targ‘ibot tadbirlari hamda kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar va yakka yolg‘iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.

Top