O‘zbekiston | 15:08 / 09.08.2019
33405
2 daqiqa o‘qiladi

1600dan ziyod tez yordam mashinasi haydovchilari chaqiruv davomida tezlikni oshirgani uchun jarimaga tortilgan

Oxirgi uch yil davomida fuqarolar murojaati bilan chaqiriqqa yo‘l olgan tez yordam mashinasi haydovchilari tezlikni qayd etuvchi fotoradar va kameralarga tushgani uchun jarimaga tortilib kelingan. Bu haqda O‘zbekiston telekanalida efirga uzatiluvchi «Munosabat» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ma'lum qilindi.

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Yoqubovning aytishicha, tibbiyot sohasidagi muammolar o‘rganilganda murojaatga asosan chaqiruvga yo‘l olgan tez yordam mashinasi haydovchilari yo‘llarda tezlikni qayd etuvchi kamera va fotoradarlarga tushgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinmay, jarimaga tortilib kelinayotgani ma'lum bo‘lgan.

«Biz statistikani olib ko‘rganimizda oxirgi uch yil davomida, ya'ni, 2017 yildan boshlab joriy yilning birinchi yarmiga qadar 1600 dan ziyod shunday holat yuz berganiga duch keldik. Qarangki, bu kabi mantiqsizlik amaliyotda bor. Tez yordam chaqiriq olgan, aslida hamma unga yo‘l berishi kerak, lekin mashina radarga tushgani uchun haydovchi Ichki ishlar organlariga chaqirilib ma'muriy javobgarlikka tortilyapti, jarima to‘layapti. Bugungi kunga qadar 80dan ortiq tez yordam mashinasi haydovchilari javobgarlikka tortilib, sudma-sud yurishibdi». 

Yoqubovning qo‘shimcha qilishicha, Adolat sotsial demokratik partiyasi deputatlari tashabbusi bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning o‘n yettinchi moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tashabbus ishlab chiqilgan. 

«Tashabbusimiz boshqa deputatlar tomonidan ham ma'qullandi va qabul qilindi. Unga ko‘ra, endilikda chaqiruv olgan tez yordam mashinasi haydovchilari tezlikni qayd etuvchi radarlarga tushgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi», deydi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati.

Mavzuga oid