O‘zbekiston | 18:15 / 09.08.2019
4468
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

9 avgust kuni Jizzax viloyati Forish tumani hokimligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 2 iyul kuni qabul qilingan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda tashkil etildi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, qonun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishni ta'minlovchi yangi joriy etilayotgan institutlar va tizimlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishning huquqiy asoslarini yaratishga, atom energiyasi to‘g‘risidagi normalar va qoidalarni unifikatsiyalashga, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda fuqarolar va yuridik shaxslar xavfsizligini ta'minlashning samarali mexanizmlarini milliy qonun hujjatlariga tatbiq etishga qaratilgandir.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi, xavfsizlikning ta'minlanishi, axborotning ochiqligi, yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari ekani uqtirildi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Shu kunning o‘zida Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta'minlashda malakali kadrlar tayyorlashning muhim vazifalari: amaliyot, muammolar va ularning yechimi” mavzusidagi konferensiya ham o‘tkazildi.

Bugungi kunda respublikamiz energiya manbai sifatida tabiiy gazga qaram, chunki aynan shu resursdan foydalanish elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmida 85 foizni tashkil etadi. Buni inobatga olib, O‘zbekiston hukumati mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta'minlash uchun energetika tarmog‘ini rivojlantirishning turli variantlarini ko‘rib chiqdi. Bunda asosiy yo‘nalish sifatida mamlakatimizda yadro energetikasi tarmog‘ini shakllantirish vazifasi ustuvor etib belgilandi.

Anjumanda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta'minlash va atom energiyasidan foydalanish sohasida iqtidorli kadrlarni tayyorlash, mavjud kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi uqtirildi. Shuningdek MAGATE tashkilotining o‘quv kurslari, seminar va malaka oshirish tadbirlarida respublikamiz mutaxassislarini muntazam ishtirok etishlarini ta'minlash muhimligiga e'tibor qaratildi.

Bundan tashqari, radiatsiyaviy xavfli obektlar ishchi-xizmatchilarini hamda avariya-qutqaruv tuzilmalari shaxsiy tarkiblarini avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish choralarini ko‘rish lozimligi ham ta'kidlandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid