Saudiya NQZlariga dronlar hujumidan so‘ng tahlilchilar neft narxi barreliga 100 dollargacha ko‘tarilishini aytishmoqda
Saudiya Arabistonidagi neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar vositasida hujum uyushtirilganidan so‘ng birinchi savdo kunidayoq neft narxi barreliga 5–10 dollargacha oshishi mumkin, deya ta'kidlashmoqda Reuters tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda tahlilchilar.
Agar Saudiya Arabistoni tez muddat ichida neft yetkazib berishni tiklashmasa, uzoq muddatli istiqbolda neft narxlari bir barreliga 100 AQSh dollarigacha oshishi mumkin, deyishmoqda ular.
Agentlikning manbalari avvalroq Saudi Aramco zavodlariga dronlar hujumidan so‘ng neft yetkazib berishning to‘liq quvvatiga erishish uchun Ar-Riyodga haftalab muddat zarur bo‘lishini aytib o‘tishgan edi.
Rapidan Energy konsalting firmasi prezidenti Bob Maknallining aytishicha, bir haftalik uzilish davrida neft narxi barreliga 15–20 dollargacha oshishishi mumkin, agar tiklash ishlariga bir oy ketsa, narx uch xonali sonda ifodalana boshlaydi.
Onyx Commodities hamraisi Greg Nyumanning hisoblashicha, 16 sentabr kuni Brent markali neftning fyuchers savdolaridagi narxi barreliga 7–10 dollarga oshadi. Ayniqsa, tarkibida oltingugurt miqdori yuqori bo‘lgan mazut narxi sezilarli tarzda oshadi, dedi u.
Eurasia Group vakili Ayham Komilning aytishicha, agar Saudi Aramco obektlariga yetkazilgan zarar jiddiy bo‘lib chiqsa, narx 10 dollargacha oshishi mumkin. Bundan tashqari, yuz bergan voqea Saudiya kompaniyasining IPO’ga tayyorgarligini murakkablashtirib yuborishi mumkin.
«Neft ishlab chiqarishni ayni paytda Saudiya arabistonida qazib olinayotgan jami miqdorning yarmigacha, jahon ko‘rsatkichlarining 5 foizigacha — sutkasiga 5 million barrelgacha qisqartirish tarixiy nuqtai nazarda juda ulkan ko‘rsatkichdir. Bir necha haftadan so‘ng bu bozorga o‘z bosimini o‘tkaza boshlaydi», — deyishmoqda ELS Analysis’dagilar.
JPMorgan’dagilar qisqa muddatli istiqbolda neft narxi barreliga 3–5 dollarga oshishi, keyingi bir necha oy davomida barreliga 80–90 dollarga yetishini taxmin qilishmoqda. 13 sentabr, juma kuni Brent markali neftning narxi barreliga 60 dollar atrofida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 14 sentyabrga o‘tar kechasi Saudi Aramco’ning mamlakat sharqidagi Abqayq va poytaxt Ar-Riyod sharqidagi Xurays obektlarida yong‘in kelib chiqqan. Keyinroq shialarning «Ansorulloh» harakatiga mansub yamanlik qo‘zg‘olonchi-husiychilar Saudiyaning ikki NQZiga ularning jangarilari o‘nta uchuvchisiz uchar qurilma yordamida hujum qilganini tan olishdi. Saudiya kompaniyasning bosh direktori Amin Hassan an-Nosirning so‘zlariga ko‘ra, Saudi Aramco sutkasiga neft qazib olishni 5,7 mln barrelga qisqartirgan.
Mavzuga oid
17:28 / 13.11.2024
Estoniya Rossiya bilan chegarada «dronlardan himoya devori»ni quradi
00:09 / 13.11.2024
Moldova hududidan yana bir dron topildi
21:48 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi
23:38 / 10.11.2024