O‘zbekiston | 22:30 / 27.09.2019
4988
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi mavqeini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi

Toshkentda “Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi mavqeini kuchaytirish” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.

Forum O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistondagi YeXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatida senatorlar, deputatlar, vazirliklar va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari xotin-qizlarning ijtimoiy maqomiga va jinslar tengligi masalasiga e'tibor qaratdi. Mamlakatimizda bu yo‘nalishda jamiyatning barcha a'zolari uchun teng imkoniyatlar yaratishning qonunchilik bazasini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilayotgani qayd etildi. Tadbir davomida yaqinda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarining asosiy qoidalari, mohiyati va ahamiyati batafsil ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, davra suhbatida oila buzilishining oldini olish, jamiyatda oila maqomini mustahkamlash masalalari muhokama etildi. Shu munosabat bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining bu boradagi amaliy ish tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi va tahlil qilindi.

Tegishli ko‘nikma va qobiliyatga ega faol xotin-qizlarni rahbar lavozimlariga tayyorlash, ishbilarmon ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi. Xotin-qizlarga nisbatan jinoyat ko‘rsatkichlarini kamaytirish choralariga ham alohida e'tibor qaratildi hamda fuqarolar orasida profilaktika va tushuntirish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Imkoniyatlari cheklangan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish haqida so‘z borganda bunday toifadagi ayollar bilan ishlashda psixologik yordam berish va qo‘llab-quvvatlash muhim ekanligi qayd etildi. Bunda ular uchun ijtimoiy shart-sharoitni yaxshilash va ular bandligini ta'minlash imkoniyatlari batafsil muhokama etildi.

Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda bo‘lajak saylovda xotin-qizlar ishtirokini faollashtirish masalalarini ham muhokama qildi.

Mavzuga oid